Eng ulug‘, eng aziz bayram kunlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida yangi maktab, ko‘p qavatli turar joy, Kadastr agentligi tuman bo‘limi hamda Davlat kadastrlar palatasi tuman filiali binosi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ochilish tadbirlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etib, barchani O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bayrami hamda yangi binolarning foydalanishga topshirilishi bilan tabrikladi.
So‘nggi yillarda yurtimizda ta’lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘zida 202,8 milliard so‘m mablag‘ evaziga yangidan 4 ta maktab qurilmoqda va 30 ta maktabda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida tumanda yangi maktab binosi foydalanishga topshirilishi aholi uchun quvonchli bo‘ldi. Jami 330 o‘rinli maktabda keng va yorug‘ o‘quv xonalari, sport zal, universal sport maydonchasi bo‘lib, ularda bolalarning zamonaviy bilim olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Tumanda barcha ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar mazkur massivda 6 ta turar joy o‘z egalariga berilgan bo‘lsa, mustaqillik bayrami arafasida yana bitta ko‘p qavatli turar joyning foydalanishga topshirilishi aholi uchun tuhfa bo‘ldi. Massivda 1,4 kilometr ichimlik suv, 3,1 kilometr oqova suv tarmog‘i tortildi va 1,8 kilometr ichki yo‘l ta’mirlandi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi farmoni asosida aholining uy-joyga bo‘lgan huquqi amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratish, jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish orqali aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash doirasida 27 mingdan ortiq, shundan, Qonliko‘l tumanida 140 ta uy-joyda yashovchi fuqaroning kadastr hujjatlari bilan bog‘liq muammosi o‘z yechimini topdi.
Tadbir ishtirokchilari yangi binolarda aholiga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.