Nukusda stol tennisi bo‘yicha “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi raisi kubogi uchun” musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqani o‘tkazishdan maqsad, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, professionallar qatorida havaskor sportchilar uchun ham zarur sharoitlarni yaratish va yangi iqtidor egalarini kashf etishdan iborat.
Musobaqada shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 2009- 2013 yillarda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi 200 nafarga yaqin o‘g‘il bola va qizlar ishtirok etdi.
Musobaqa yakunida Azamat Soliyev, Sarbinaz Oralboyeva, Muso Toliyev, Diana Yeshanova, Baxtiyar Xamgeldiyev, Gulxon Jalgasbayeva birinchi o‘rinlarni egallab, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
G‘oliblar va sovrinli o‘rin egalari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.