Nukusda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Saylovoldi dasturi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda partiyaning “Tabiat uchun birlashaylik” shiori ostidagi saylovoldi dasturi loyihasida mintaqa aholisi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish bo‘yicha qator takliflar ilgari surilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini kuchaytirish nihoyatda dolzarbdir. Shu bois O‘zbekiston Ekologik partiyasi mintaqadagi yirik nodavlat tashkilotlardan biri sifatida tabiiy resurslar, bioxilma-xillikni saqlab qolishga erishishni maqsad qilgan.
Shuningdek, ekologik barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi loyihalar, texnologiyalardan bosqichma-bosqich voz kechish, ichimlik suvi, toza havo, muqobil energiya va boshqa taqchilligi ortib borayotgan tabiiy resurslarni asrashga qaratilgan hamkorlikni kengaytirish, amaldagi qonunchilikni mintaqa va milliy manfaatlardan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish takliflari ham saylovoldi dasturi loyihasidan muhim o‘rin olgan.
– Kutilayotgan saylovlarga katta maqsadlar bilan kirib kelgan O‘zbekiston Ekologik partiyasining saylovoldi dasturi loyihasi bo‘yicha atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti biologiya fakulteti dekani Yakub Ametov. – Muhokama jarayonida nafaqat ekologik, balki yoshlar, xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishga qaratilgan takliflarimizni keltirib o‘tdik. Albatta, bu takliflar partiyaning saylovoldi dasturi loyihasiga kiritiladi, degan umiddamiz.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.