Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida bugungi kunda 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, shundan “Ziyokor” mahallasi yangidan tashkil qilindi.

Mahalla fuqarolar yig‘inida 7 ming 844 nafar aholi, 1 ming 813 ta oila bo‘lib, hudud aholisi asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor sabab, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har bir mahallaga ajratilgan 500 million so‘m mablag‘ning bir qismiga mahalla binosi qurib bitkazildi.

Hudud aholisi mamlakatimiz mustaqilligining 33 yillik bayramini munosib kutib olmoqda. Ayniqsa, “Zavod XozAgro” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasi ishga tushirilib, ko‘pgina fuqarolar ish bilan ta’minlandi.

Yangi mahalla uchun binoning foydalanishga topshirilishi  munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar barchani bayram bilan qutlab, hudud aholisining hamjihatlikda amalga oshiradigan tashabbuslarida xizmat qilishiga tilak bildirdi.

Tuman hokimligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, mustaqillik bayrami kunlari 10 ta ovul hamda mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri.