Kecha AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohiga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan diplomatik korpus vakillari bilan bir qatorda, bugungi kunda AQSHda faoliyat olib borayotgan ijtimoiy faol vatandoshlarimiz ham ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Doimiy vakili Ulo‘g‘bek Lapasov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy sarmoyadorlarga yaratilayotgan investitsiya sharoitlari, shuningdek, AQSHda o‘zbeklar jamiyatining mavqei tobora oshib borayotganini alohida ta’kidladi va yig‘ilganlarni Mustaqillik bayrami bilan qutladi.

Milliy kuy-qo‘shiqlarimiz esa tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Shuni ta’kidlash joizki, AQSHda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar 9 sentyabrga qadar davom etadi. Jumladan, ushbu sana munosabati bilan 1 sentyabr kuni Manhettendagi Uoll-strit ko‘chasi bo‘ylab ommaviy marsh ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Otabek Eshmamatov,

Nyu-York, AQSH