Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!
Nukus shahridagi Amfiteatrda yurtimiz mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, hukumat a’zolari, sektor rahbarlari, vazirlik va tashkilotlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev eng ulug‘, eng aziz bayram – yurtimiz mustaqilligining 33 yilligi bilan barchani samimiy muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan joylarda “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” nomli bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Prezidentimiz rahbarligida o‘tgan qisqa vaqt ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda kichik biznes va tadbirkorlik, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
Buning natijasida bayram arafasida aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilib, bir qator yirik sanoat korxonalari, ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlari ishga tushirildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan Nukus shahrida o‘tkazilgan navbatdagi ochiq muloqoti soha xodimlariga katta imkoniyat bermoqda.
Davlatimiz rahbarining Orolbo‘yiga alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi bilan faqatgina Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan 15 ta tarixiy farmon va qaror asosida hudud aholisiga, jumladan, yoshlarga, tadbirkorlarga imkoniyatlar yaratilib, mahallalarda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, “Nukus-Mo‘ynoq-Nukus”, “Nukus-Istanbul-Nukus” yo‘nalishlarida aviaqatnovlar, “Nukus-Mang‘istau-Nukus” yo‘nalishida yo‘lovchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilganini, Nukus shahri “Oq qush” majmuasidagi qoraqalpoq milliy o‘tovining Ginnesning rekordlar kitobiga kirganini alohida ta’kidlash lozim.
Tantanali bayram tadbiri konsert dasturi bilan davom etdi. San’at ustalari va yosh iqtidor egalari ijrosidagi Vatan, do‘stlik, tinchlik, yoshlik haqidagi kuy-qo‘shiqlar, harbiylar hamda yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.