Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining «Parij-2024» XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov hamda mamlakatimiz taekvondo assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov ishtirok etdi.

Xabaringiz bor, mazkur nufuzli to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 206 davlat orasida 13-o‘rinni egalladi. Mamlakatimiz olimpiada o‘yinlarida MDH, Markaziy Osiyo, turkiy va musulmon davlatlari orasida eng yaxshi natijani qayd etdi. Bu tarixiy natija davlatimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida qo‘lga kiritilgani bayramga munosib tuhfa bo‘ldi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, sportchilarimizning yanada yuksak natijalarga erishishlari uchun Sport vazirligi, Milliy olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari, sport federatsiyalari tomonidan ommaviy sportni rivojlantirish masalasiga muhim e’tibor qaratilishi lozim bo‘ladi.

– Xususan, joriy yil yakuniga qadar ommaviy sport tadbirlari orqali yoshlar qamrovini 10 million nafarga yetkazish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov. – Istiqlol shodiyonalari arafasida respublikamizdagi 12 ta sport ob’ektida qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilsa, yil yakuniga qadar yana 30 ta sport ob’ekti foydalanishga topshiriladi. Yana shuni quvonch bilan aytish joizki, mamlakatimizda «Toshkent-2025» yoshlar Osiyo va Para Osiyo o‘yinlariga ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Buning uchun poytaxtimizdagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga tutash hududda mintaqada o‘xshashi bo‘lmagan ulkan Olimpiya shaharchasi bunyod etilmoqda.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob berildi.

Javohir Toshxo‘jayev, To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA muxbirlari