Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov Xitoy davlatidan kelgan investorlar bilan aloqa infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Ushbu dasturning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo ko‘lamini kengaytirish, sun’iy intellekt g‘oyasi darajasini ko‘tarish va axborot texnologiyalariga yo‘naltiriladigan investitsiyalarni ko‘paytirishdan iborat. Ayni paytda Qozog‘iston, V’etnam, Malayziya va Singapur kabi mamlakatlardagi raqamli texnologiyaga ixtisoslashgan korxona, muassasa va universitetlar ushbu dasturda ishtirok etishni loyihalashtirmoqda.
Quvonarlisi, xitoylik investor janob Liu Genchjongning taklifiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi birinchi tadqiqot yo‘nalishi sifatida tanlab olindi va amaliy muzokaralar olib borildi.
Bayram shodiyonalari
Beruniy tumani markazidan olis hudud “Oltinsoy” ovul fuqarolar yig‘inida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbiri butun hudud aholisini qamrab oldi.
O‘tgan 33 yil mobaynida yurtimizda erishgan tom ma’nodagi yutuqlar, avlodlarning tinch va farovon yashashini ta’minlamoqda. Har bir hududda bayram tantanalari nishonlanib, aholining kayfiyati, o‘zaro birdamligi namoyish etilmoqda.
Tadbirda maktablarni a’lo baholarga tugatib, oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lgan bir guruh yoshlarga homiylar tomonidan sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan 4 nafar xotin-qizga subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinalari, yordamga muhtoj oila vakillariga pul mablag‘i, bayram munosabati bilan ehtiyojmand 10 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Bayram tantanasi davomida sportchi yoshlarning chiqishlari hamda madaniyat xodimlarining kuy-qo‘shiqlari barchaga manzur bo‘ldi. Hudud nuroniylari bir piyola choy ustida bugungi tinch va farovon zamonimiz uchun shukronalar aytib, duoga qo‘l ochdilar.
Singapur tajribasi asosida
Amudaryo tumanida o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, mamlakatimizning xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturlari reytingi bo‘yicha jahonning ilg‘or mamlakatlari qatoriga kirishiga bag‘ishlangan “Muvaffaqiyatli islohotlar – yuqori natijalar” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida Singapur tajribasi asosida “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan hamkorlikda aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ommalashtirish, maktab rahbarlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish, ularni kasbiy rivojlantirishga doir ilg‘or tajribalarni almashish, o‘quvchilar bilimi va ko‘nikmalarini baholash hamda rivojlantirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha soha mutaxassislarining mavjud bilimlarini oshirish bo‘yicha ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi.
Ta’kidlanganidek, Singapur ta’limga oid nufuzli tadqiqotlar natijasiga ko‘ra dunyoda yetakchi mamlakatlardan biri bo‘lib, ta’limga sarmoya kiritish, inson kapitalini rivojlantirishga e’tibor qaratish orqali mamlakat taraqqiyotiga erishgan davlat sifatida e’tirof etiladi. Hamkorlik dasturiga ko‘ra ta’lim muassasalarida savodxonlikni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha treninglar olib borilmoqda.
Ishtirokchilar Singapur yondashuvlaridan foydalanib, innovatsion dars o‘tish usullarini o‘zlashtirdilar va o‘z navbatida yangi o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarga yangi bilim va ko‘nikmalarni yetkazadilar.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.