«Sharq taronalari» XIII xalqaro musiqa festivali doirasida «Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada 32 xorijiy davlatdan 46 nafar musiqashunos, folklorshunos va madaniyatshunos olimlar, shuningdek, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va ilmiy-ijodiy markazlar rahbarlari ishtirok etdi.

Konferensiya davomida soha mutaxassislari milliy musiqa san’atini turkiy davlatlar musiqa madaniyati bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish kabi masalalarni muhokama qildi.

Shuningdek, Xitoy, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Gambiya, Ummon va Iordaniya davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlari, xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari bilan o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Ushbu hamkorliklar doirasida qo‘shma ijodiy loyihalar amalga oshiriladi, xalqaro festivallar va tanlovlar tashkil etiladi, professor-o‘qituvchilar tomonidan mahorat darslari o‘tkaziladi hamda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.

Konferensiyaning yana bir muhim qismi «Maqom kapsulasi» taqdimoti bo‘lib, tadbirning eng ijodiy cho‘qqisi sifatida ta’riflanmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA