Joriy yil 8-10 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan to‘qimachilik va moda sanoatidagi eng yirik xalqaro tadbir – Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi – ITMF yillik konferensiyasi hamda IAF – Xalqaro akkreditatsiya forumining “World Fashion” birinchi qo‘shma konferensiyasi biznes dasturi e’lon qilindi.
“Innovatsiya, hamkorlik va tartibga solish – to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatini rivojlantirish” mavzusidagi anjuman turli sessiyalar, ekspert muhokamalari orqali jahon to‘qimachilik sanoatidagi eng dolzarb muammo va tendensiyalarni yoritib beradi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ko‘magida tashkil etiladigan forumda 500 dan ziyod mutaxassis, jumladan yetakchi xalqaro to‘qimachilik kompaniyalari, brendlar, moliya institutlari vakillari va riteylerlar ishtirok etadi.
Konferensiyaning tolalarga bag‘ishlangan birinchi kunida tabiiy paxta ishlab chiqarish va qayta ishlash mavzusi ko‘tariladi. Xususan, “Indorama Corp” (Singapur), “Global Textile” (O‘zbekiston) va “Cotton Analytics” (AQSH) kompaniyalari mutaxassislari ishtirokida paxtaning daladan moda sanoatigacha yo‘li, so‘nggi 50 yil ichida global paxta sanoatida yuz bergan ijobiy yangiliklar, jumladan mamlakatimizning an’anadan innovatsiyaga o‘tishi va bu boradagi o‘zgarishlar muhokama qilinadi.
Keyingi qism sun’iy tola ishlab chiqarish va jahon to‘qimachilik sanoatida tabiiy material taqchilligi masalasiga bag‘ishlanadi.
Dastur bo‘yicha ikkinchi, asosiy kun keng ko‘lamli dolzarb muammolar, global tendensiyaga e’tibor qaratiladi. “Euratex” (Belgiya) Yevropa Ittifoqining barqaror to‘qimachilik strategiyasi va xalqaro hamkorlik istiqbolini tahlil etadi, Amerika kiyim-kechak va poyabzal assotsiatsiyasi – AAFA vakili Stiv Lamar Qo‘shma Shtatlardagi tartibga solish prognozini tavsiflaydi. Raqamlashtirish va sun’iy intellektning to‘qimachilik ishlab chiqarish zanjiridagi o‘rni hamda sanoatda malakali kadrlar yetishmasligiga alohida e’tibor beriladi. Ishtirokchilar AAFA bilan raqamli yorliqlash, shuningdek DMIx (Germaniya) eksperti Kristian Lott bilan tarqatishni raqamlashtirish mavzusini muhokama qiladilar. Bundan tashqari, malaka bilan bog‘liq muammoni hal qilishda sun’iy idrokning roli ta’kidlanadi. Ikkinchi kunni Registon majmuasida o‘tadigan yorqin nur va modalar namoyishi yakunlab beradi.
Birinchi qo‘shma konferensiya global to‘qimachilik sanoatidagi ajoyib yutuqlar va startaplarni e’tirof etish maqsadida ITMF mukofotlarini topshirish marosimi bilan tugaydi. Yakuniy hamkorlik sessiyasi “Inditex” (Ispaniya), “Epic Group” (Gonkong), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) vakillarini barqarorlik va chiqindini qisqartirish chora-tadbirlari kelajagi masalasini muhokama qilish uchun birlashtiradi. Ishbilarmonlik qismi oxirida delegatlar boy madaniy dastur, jumladan mahalliy to‘qimachilik ishlab chiqarish yutuqlaridan bahramand bo‘lish uchun Buyuk ipak yo‘lidagi asosiy tugunlardan biri – qadim Buxorga tashrif buyuradi.
Soha yetakchilari xalqaro muloqotining davomi sifatida 2024 yil 13 sentyabr kuni Toshkentda “Global Textile Dialog” forumi rejalashtirilgan.
Darvoqe, ITMF – to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari manfaatini ifodalovchi global savdo uyushmasi butun dunyo bo‘ylab hamkorlikni kengaytirish, sanoatni rivojlantirish, barqarorlikni rag‘batlantirish yo‘lida faoliyat olib boradi.
IAF – Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi ham ayni yo‘nalishdagi yetakchi global assotsiatsiya sifatida xalqaro muloqot orqali sanoat rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi, asosiy muammolar, imkoniyatlarni o‘rganadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA