Samarqand shahrida 26 avgust kuni “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali boshlandi.

Sharq gavhari, yer yuzining sayqali Samarqand bayramlar og‘ushida. Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi va “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga ko‘rilgan tayyorgarlik shaharga yanada fayz va chiroy baxsh etgan. Ko‘cha va xiyobonlar, maydonlarda ekilgan turli tuman gullar, yo‘llar chetidagi rango rang bayroqlar kishiga zavq beradi. So‘lim bog‘ va xiyobonlar tarovati o‘zgacha.

Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan, G‘arb va Sharqni bog‘laydigan Samarqand azaldan nainki savdo-sotiq va iqtisodiy munosabatlar, balki ma’rifat markazi ham bo‘lgan. Shuning uchun ham hamma davr va zamonlarda odamlar Samarqandga talpingan, uning go‘zalligidan, ilm-ma’rifatidan bahramand bo‘lishni istagan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu muazzam shaharga mehri, yuksak e’tibori tufayli Samarqand bugun Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylanmoqda va bu qadimiy kent jahon turizm biznesi markazlari qatoriga qo‘shilmoqda. Xalqaro diplomatiyada esa “Samarqand ruhi” degan tushuncha paydo bo‘ldi va bu davlatlar, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, bag‘rikenglik, ahillikni ifoda etmoqda.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali esa ana shu ruh, ezgu maqsadlarni ifoda etishi bilan bugun Samarqandgagina xos qadriyat darajasiga ko‘tarildi va qisqa tanaffusdan so‘ng yana azim shaharga qaytdi.

Dunyoda san’at va madaniyat yo‘nalishida ko‘plab festivallar, tanlovlar o‘tkazilsa-da ularning aksariyati ma’lum vaqtdan keyin to‘xtab qolishi, unutilib ketishi mumkin. Lekin “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali haqida bunday deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Tashkil etilganiga 27 yildan oshayotgan va shu paytgacha o‘n ikki marta o‘tkazilgan san’at festivali jahon ahlining o‘zaro madaniy muloqotga bo‘lgan hayotiy ehtiyojini ro‘yobga chiqaruvchi vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi murakkab davrda insonlarni tinchlik, hamkorlikka chorlovchi va buni amalda namoyon etuvchi ezgulik minbariga aylanmoqda. Festival YUNESKO va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning asosiy tadbirlari dasturidan o‘rin olgani, ular tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanayotgani ham uning darajasi qanchalik yuqoriligidan dalolat beradi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yil “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga qaror qilindi va mazkur san’at bayramiga har qachongidan ham yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Dunyoning saksonga yaqin davlati vakillari festivalda qatnashish istagini bildirdi. Shuningdek, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli madaniyat va san’at arboblari ayni paytda Samarqandda bo‘lib turibdi.

26 avgust, soat 19.00. Registon maydoni nufuzli san’at anjumaniga tayyor. Moviy gumbazlar rang-barang chiroqlar yog‘dusida jilolanadi. Maydon tomoshagohi va sahna atrofidagi gullar ifori dimoqqa xush yoqadi. Amfiteatrda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimiga yig‘ilgan odamlar bilan to‘lgan.

Festival ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oladi.

So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga beriladi.

Davlatimiz rahbari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarini qutlar ekan, mazkur festivalning mazmun-mohiyati, jahonda tinchlik va millatlararo totuvlikni ta’minlashdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.

– O‘n uchinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjuman garchi “Sharq taronalari” deb atalsa-da, bugungi kunda u mohiyat e’tiboriga ko‘ra, “Jahon taronalari” festivaliga aylanganiga barchamiz guvohmiz. Bu haqiqatni birinchi festivalda 31 ta mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yil barcha qit’alardagi 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod san’atkor va olimlar ishtirok etayotgani ham tasdiqlaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Ta’kidlanganidek, bugungi notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo‘lib bormoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda ilohiy sarchashmalardan quvvat olib, vaqt va makon chegaralari osha gumanistik ideallarni tarannum etadigan asl san’at, musiqa va adabiyot xaloskor kuch bo‘lib maydonga chiqishi zarur.

Shu nuqtai nazardan, “Sharq taronalari”ning dunyoviy shuhrat topishi va e’tirof etilishi bejiz emas. Binobarin, yurtimizda madaniyat, san’at rivoji bir necha ming yillik tarixga borib taqaladi va bugungi musiqa anjumanlari, festival va tadbirlar ana shu azaliy tomirlardan oziqlanadi, kuch oladi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, bizning xalqimiz azal-azaldan san’atga mehr va ixlos qo‘yib yashaydi, musiqani inson ruhining ilohiy quvvati deb biladi. Buyuk Sharq mutafakkirlari musiqa ilmi va tarixi, maqom san’ati, cholg‘u sozlari haqida ajoyib asarlar yaratganlar. Biz barchamiz mana shunday o‘lmas madaniy merosning vorislarimiz.

Abu Nasr Forobiy “Musiqa haqida katta kitob” asarida tovushlarning vujudga kelishi, kuylar uyg‘unligi, ritm o‘lchovlari va turlarini sharhlab bergan. Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” kitobida yurak, asab kasalliklarini musiqa vositasida davolash yaxshi samara berishini ta’kidlagan. Komil Xorazmiy Xorazm notasini ixtiro qilib, “Rost” maqomining debochasini ushbu notaga tushirgan.

Amir Temur davrida ilm-fan va san’atning barcha sohalari qatori musiqa va qo‘shiqchilik ham yuksak darajada rivojlangan. Samarqandda turli o‘lkalardan kelgan sozanda va xonandalar jam bo‘lgan. Musiqa kechalari o‘tkazilgan.

Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Amir Temur saroyida o‘tkaziladigan musiqiy anjumanlar haqida to‘xtalib, “Yaxshi ovozli xonandalar kuylashni boshlab, g‘azalu naqsh aytur erdilar. Va turku mo‘g‘ul, xitoyu arab va ajamdin har kim o‘z rasmi bilan nag‘ma aytur erdi”, deb yozgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va ayni vaqtda an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan xalqaro maqom san’ati, baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, folklor va raqs san’ati bo‘yicha “Buyuk ipak yo‘li”, “Lazgi” xalqaro festivallari, Toshkent xalqaro kinofestivali singari yirik madaniy tadbirlar ham qisqa vaqtda keng ommalashdi, xalqaro maydonda e’tirof etilmoqda.

Prezidentimiz o‘z so‘zi davomida “Sharq taronalari” festivali tarixi va an’analarini, Sharqning boy va rang-barang musiqiy madaniyatiga doir ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadigan alohida ensiklopediya va uning virtual shakli – ko‘p tarmoqli axborot platformasini yaratishning vaqti kelgani ta’kidladi.

Shu bilan birga, yurtimizda shakllangan ijobiy tajribadan kelib chiqqan holda,  ushbu anjumanning ko‘lami va jozibasini yanada oshirish maqsadida, “Sharq taronalari” festivalining xalqaro “Do‘stlar klubi”ni tashkil etish, shuningdek, festival g‘olib va sovrindorlari ishtirokida dunyo mamlakatlarining nufuzli sahnalarida katta konsert dasturlarini namoyish qilish takliflarini bildirdi.

Sahnada o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari, qardosh xalqlar navolari yangraydi. Jahon musiqa va qo‘shiqchilik san’ati durdonalari ijro etiladi, zavqli raqslar dillarni jo‘sh urdiradi. Tomoshabinlar bu qo‘shiqlarga jo‘r bo‘ladi, raqsga tushadi.

Til va tarjimon tanlamas ohanglar dillarga kirib boradi. Har bir insonni, u qaysi yurt, qaysi millat, qaysi din vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, san’at orqali bir-biriga yaqinlashtiradi, do‘stlashtiradi.

Festivalning nufuzi va qamrovi yil sayin oshib bormoqda. Ko‘plab mamlakatlar, xalqaro madaniyat tashkilotlari, mashhur san’at namoyandalari unda qatnashish istagini bildirmoqda. Ayni paytgacha “Sharq taronalari”da dunyoning 120 dan ortiq davlatidan vakillar qatnashgan.

27-29 avgust kunlari xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarining ko‘rik-tanlovda chiqishlari namoyish etiladi. Ularning dasturlari xalqaro hay’at tomonidan professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi va qo‘shiq yo‘nalishi hamda zamonaviy musiqa va qo‘shiq yo‘nalishi bo‘yicha baholanadi. 30 avgust kuni festival g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi va ular ishtirokida konsert dasturi namoyish etiladi.

Festival qatnashchilari Registon maydonidagi asosiy sahnada tanlovda ishtirok etish bilan birga Samarqand shahri va Samarqand, Payariq, Oqdaryo, Tayloq, Pastdarg‘om tumanlaridagi teatrlar, madaniyat va istrohat bog‘larida konsert dasturlarini namoyish etadi.

An’anaga ko‘ra, festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

Unda musiqashunos olimlar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, musiqa yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Bu yilgi konferensiya avvalgilari singari yalpi majlisdan iborat bo‘lib qolmay, uch sho‘’baga bo‘lingan holda ish olib boradi. Sho‘’ba majlislari davomida milliy mumtoz navolar, maqom namunalari va xalqimizning durdona asarlari taniqli san’atkorlar tomonidan jonli ijro etilib, mahorat saboqlari o‘tiladi. Shuningdek, konferensiya doirasida ilk bor Turkiy davlatlar tashkiloti qoshidagi Turk dunyosi san’at va musiqa universitetlari ittifoqining yig‘ilishini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. 2022 yilda tashkil etilgan mazkur ittifoqqa turkiy davlatlardagi o‘ndan ortiq san’at oliy ta’lim muassasalari a’zo hisoblanadi.

Festival doirasida Registon maydoni yaqinidagi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Samarqand filiali ko‘rgazmalar zalida milliy cholg‘u asboblari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

San’at bayrami ishtirokchilari va mehmonlari Samarqandning noyob tarixiy obidalarini ziyorat qilish, to‘kin va farovon bozorlarimizni ko‘rish, istiqlol yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va mehmondo‘st xalqimiz qadriyat, an’analari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tantanali marosim yurtimiz san’at ustalari va yosh ijrochilarining diltor qo‘shiqlari bilan davom etdi. Samarqand osmoni uzra porlagan mushaklar, “Sharq taronalari” musiqa festivali navolari olis-olislarda aks-sado berdi.

Ziyodulla JONIBEKOV, G‘olib HASANOV, O‘zA maxsus muxbirlari