Bugun mamlakatimizda zamonaviy muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish orqali energiya taqchilligini bartaraf etish mumkinligi o‘z isbotini topmoqda.

Bu borada davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilinib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan va ulardan foydalanuvchi shaxslar, ular foydalanishga topshirilgan kundan e’tiboran uch yil muddatga mol-mulk yoki yer solig‘i, shuningdek, ortib qolgan energiyani davlatga sotishdan olingan daromad foyda solig‘idan ozod etilishi belgilangan.

Beruniylik tadbirkor Ruslan Kazakov yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, quyosh panellarini daromad manbaiga aylantirib ulgurgan. Hozirda u davlat tomonidan ajratilgan 1,5 gektar yer maydoniga 850 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatib, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga sotish orqali oyiga 120 million so‘mgacha daromad topmoqda.

Bundan tashqari, ishning ko‘zini bilib, daromad qilishni boshlagan tadbirkor o‘ziga qarashli bo‘lgan savdo do‘konining tom qismiga ham 20 kVtli quyosh panellarini o‘rnatgan. Buning natijasida “Komil-Ruslan” mas’uliyati cheklangan jamiyatning elektr energiyaga bo‘lgan talabi to‘liq quyosh panellari hisobidan qoplanib, ortib qolgan energiyaning tarmoqqa sotilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.

– Quyosh panellari hech qanday qo‘shimcha parvarish yoki e’tibor talab qilmaydi, u shunchaki daromad keltiradi. Bu borada yaratilgan sharoitlar biz tadbirkorlarni har tomonlama ruhlantiradi, – deydi korxona rahbari R.Kazakov.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zida jami 1 ming 53 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 7,85 MVt (Megavatt) quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu bir oyda o‘rta hisobda 1800-2000 MVt elektr energiyasi muqobil energiya manbalaridan olinib, aholi va ishlab chiqarishga yo‘naltirilmoqda.

Energiya taqchilligining oldini olish, aholi va sanoat ob’ektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashda quyosh panellarining o‘rni beqiyos. Shunday ekan, davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoit va imtiyozlardan oqilona foydalanayotgan tadbirkorlar xalq farovonligi yo‘lida savob ish qilib, shuning hisobidan daromad ham olmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.