Davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi bilan Qozog‘iston Respublikasining Mang‘istau viloyati Aqtau shahriga “Nukus – Mang‘istau – Nukus” yo‘nalishida yo‘lovchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bugun mazkur poyezdning dastlabki reysi Nukus shahriga yetib keldi.

Tantanali kutib olish marosimida nuroniylar, yoshlar, san’at va madaniyat xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda hamkorlik mustahkamlanib borayotganini qayd etdi. Qo‘shni davlat bilan yo‘lga qo‘yilgan poyezdlar qatnovi aholiga mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi bayramiga katta tuhfa bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, “Nukus – Mang‘istau – Nukus” yo‘nalishida yo‘lovchi poyezd qatnovi 2024 yilning 22 avgust sanasidan boshlab yo‘lga qo‘yilib, qatnovlar haftada uch marotaba amalga oshiriladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.