Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgani mazkur hududning taraqqiy etishida muhim o‘rin tutishi qayd etilmoqda.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov shu haqda fikr bildirdi:
– Prezidentimizning tadbirkorlar bilan bu safargi uchrashuvi yangi g‘oya va tashabbuslarga boy bo‘ldi. Ularni amalga oshirish yurtimizda tadbirkorlik yanada rivoj topishiga xizmat qiladi.
Aytib o‘tish kerakki, mazkur uchrashuv bois davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga tashriflari ham samarali kechdi. Tashrif chog‘ida hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar taqdimoti bilan tanishildi.
E’tiborlisi, oxirgi 7 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 17 trillion 800 milliard so‘mlik 6 ming 784 loyiha amalga oshirilgan.
Natijada 56 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Shu davrda 2 milliard 815 million dollarlik eksportga erishilgan. Bu yil respublikada umumiy qiymati 874 million dollarlik 470 loyiha amalga oshirilmoqda.
Bugun bu ishlar samaradorligi izchil davom ettirilmoqda. Qator rivojlangan davlatlarning yirik investorlari va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 9,5 milliard dollarlik 124 loyiha shakllantirilgan.
Ana shu loyihalarning bir nechtasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi. Loyihalarga Xitoy, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Rossiya, Ispaniya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular energetika, issiqlik ta’minoti, tog‘-kon va kimyo sanoati, qurilish materiallari, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Jumladan, Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda Nukus shahrida markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash, Ispaniya investitsiyasi ishtirokida Qorao‘zak tumanida quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, germaniyalik investorlar tomonidan Nukus tumanida misni qayta ishlash va kabellar ishlab chiqarish loyihalari rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ishbilarmonlarga har tomonlama madadkor bo‘lib, loyihalarni jadallashtirish muhimligini alohida ta’kidladi.
Albatta, bu istiqbolli dasturlarning amalga oshirilishi, birinchi navbatda, hududning rivojlanishi va mahalliy aholining turmush darajasi yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA