O‘zbekiston va Misr o‘rtasida strategik sheriklikka asoslangan munosabatlar ikki mamlakat Prezidentlarining tashriflari va muntazam muloqotlari natijasida mazmun va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda.

Bu O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Misr Arab Respublikasi Senati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida parlamentlararo do‘stlik guruhlarining birinchi video muloqotida qayd etildi.

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamda parlamentlararo yo‘nalishlarida yanada rivojlantirish va hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar umumiy tarixiy, madaniy qadriyatlar hamda urf-odatlarning o‘xshashligi ikki mamlakatning o‘zaro aloqalarining asosiy omili bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. Ilm-fan, ta’lim, nodir qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, tibbiyot, turizm, mehmonxona xizmatlari yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish zarurligi muhokama qilindi.

Misr tomoni mamlakatimizda joriy yilda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbir – parlament saylovida muvaffaqiyatlar tilab, unda xalqaro kuzatuvchilar sifatida qatnashishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot davomida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli parlament nazoratini o‘rnatish borasida kelishuvga erishildi.

Navbatdagi parlamentlararo do‘stlik guruhi yig‘ilishining joyi, sanasi va kun tartibi masalalarini diplomatik kanallar orqali muvofiqlashtirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova,

O‘zA