Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillaridan iborat delegatsiyaning Malayziya davlatiga tashrifi boshlandi.

Tashrifning asosiy maqsadi ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul idoralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va sohada amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Dastlab delegatsiya a’zolari Malayziya parlamenti Senatining Davlat boshqaruvi, halollik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mitasi, “Malayziya Transparency International” tashkiloti, “Korrupsiya va nepotizmga qarshi kurashish markazi”(C4) rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berilib, tashkilotlar miqyosida doimiy tajriba almashish mexanizmlarini ko‘rib chiqish, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Xususan, Malayziya parlamenti Senatining Davlat boshqaruvi, halollik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi Arman Azxa Abu Xanifa bilan uchrashuvda korrupsiyaga qarshi samarali kurashishni ta’minlashda shaffof va hisobdor davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishda parlamentning o‘rni, ikki mamlakatning bu boradagi tajriba va yondashuvlari xususida o‘zaro fikr almashildi.

“Malayziya Transparency International” tashkiloti prezidenti Muhammad Moxan bilan muloqotda esa korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat tashkilotlarining ishtiroki, BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi va sohadagi boshqa xalqaro standartlarning milliy qonunchilikka implementatsiyasi, korrupsiyaga qarshi kurashish organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorlik mexanizmlariga e’tibor qaratildi.

Malayziyaning Korrupsiya va nepotizmga qarshi kurashish markazi (C4) faoliyatining maqsadi hukumatning barcha darajalarida ochiq, shaffoflik va hisobdorlik siyosatini ilgari surishga qaratilgan.

Markazning direktorlar kengashi raisi Edmund Terens Gomes bilan uchrashuvda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishda milliy qonunchilikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinib, o‘zaro tajriba almashish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ma’lumot va professional materiallar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida muhim kelishuvlarga erishildi.

O‘zA