Saylov – 2024
Saylovlar har bir davlatning demokratiya yo‘lidagi eng muhim mezonlaridan biridir. U orqali fuqarolar siyosiy irodasini ifoda etadi, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishga ta’sir ko‘rsatib, boshqaruvda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda bunday muhim siyosiy jarayonning navbatdagisi joriy yilning 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari sayloviga tayyorgarlik ayni paytda qizg‘in pallaga kirgan.
Xo‘sh, bu galgi saylovlardan nimalar kutilyapti? Yangi saylov tizimidagi yangiliklar nimalardan iborat? Umuman, bu siyosiy jarayon milliy qonunchiligimiz va xalqaro talablarga qanchalik mos keladi?
Shu kabi savollar bilan O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Maxamatovich Nizamxodjayevga yuzlandi.
– Zayniddin Maxamatovich, Markaziy saylov komissiyasi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etishda eng asosiy organ hisoblanadi. Navbatdagi saylovni munosib tarzda o‘tkazishda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qanday tayyorgarlik ko‘rilyapti?
– O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari Kengashlari saylovi juda muhim siyosiy voqea. Konstitutsiyamizning 128-moddasiga ko‘ra, saylov kampaniyasiga parlament va mahalliy Kengash deputatlarining vakolat muddati tugaydigan yilda 90 kun qolgunigacha start beriladi. 2024 yil 26 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining majlisida oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligi birinchi yakshanbasi, ya’ni 27 oktyabr saylov kuni deb e’lon qilindi.
Ta’kidlash joizki, ushbu siyosiy jarayonga tayyorgarlik ancha oldin boshlandi. 2023 yil 18 dekabr kuni qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun – O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va “Referendum to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha konstitutsiyaviy qonun asosida tayyorgarlik ko‘rildi. Ya’ni, unda bu yil bo‘ladigan saylovlar ilk bor aralash – majoritar va proporsional saylov tizimi asosida o‘tkazilishi belgilandi. Shundan kelib chiqib, MSKning normativ-huquqiy hujjatlari, qarorlari va yo‘riqnomalari mazkur konstitutsiyaviy qonun asosida takomillashtirilib, unga uyg‘unlashtirildi. Saylov qonunchiligiga kiritilgan ushbu o‘zgartirishlardan kelib chiqib, bu yilgi bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rildi.
– Bu yilgi saylov ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Avvalo, mana shu tizim, umuman, saylov qonunchiligidagi yangiliklar, ularning asosiy mazmuni haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
– Haqiqatan ham mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi birinchi marta aralash – majoritar va proporsional saylov tizimi asosida o‘tkazilishi qonunchiligimizda belgilandi. Unga ko‘ra, quyi palata 150 ta deputatlarining 75 nafari majoritar tizimda, 75 nafari esa proporsional tizim, ya’ni partiya tomonidan taqdim etiladigan ro‘yxat asosida saylanadi. Majoritar tizimda 75 ta deputat 75 ta bir mandatli saylov okrugidan, qolgan 75 nafari esa partiya ro‘yxati asosida bitta saylov okrugidan saylanadi.
– Bugungi kunda raqamlashtirish har bir sohaga jadallik bilan kirib bormoqda. Saylov jarayonlariga ham raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Albatta, raqamli texnologiyalar butun jahon hamjamiyatining hayot tarziga kirib borishi aholiga qulayliklar yaratadi. Saylov tizimi ham bundan istisno emas. Raqamli texnologiyalar O‘zbekiston saylov tizimiga 2019 yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovidan boshlab amaliyotga kiritila boshlandi. Ya’ni, saylash huquqiga ega bo‘lgan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu ro‘yxat asosida saylov okruglari va uchastkalari tuziladi. Ana shu saylov uchastkalariga saylovchilarni biriktirish, saylov qonunchiligi asosida saylov uchastkalarini tashkil etish, ularning chegaralarini aniq belgilash va saylovchilarning ro‘yxatini shakllantirish, albatta, saylovchilarimizga qulaylik yaratadi. Har bir fuqaro saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati orqali o‘zining saylov uchastkasini, uning qayerda joylashganligi va saylovga tegishli boshqa barcha ma’lumotlarni ushbu elektron tizim orqali bilib olishi mumkin.
Bundan tashqari, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ham 2019 yilgi saylovlardan boshlab joriy qilingan. Bu tizim orqali saylovchi saylov kuni o‘z saylov uchastkasida bo‘la olmasa, bu haqda saylov uchastkasiga murojaat qiladi va saylov uchastkasi fuqaroni uning yangi manziliga biriktirish jarayonini amalga oshiradi.
Bu yilgi saylovda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, saylovchilarga, saylov tashkilotchilariga qulaylik yaratish, xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining saylovda ishtirokini raqamli texnologiyalar ko‘magida tashkil etish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birga “E-SAYLOV” axborot tizimi ishga tushirildi. Ushbu axborot tizimi saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlarni elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari va tuman, shahar saylov komissiyalari o‘rtasida bo‘ladigan muloqotlar, hujjatlar va axborot almashinuvi aynan “E-SAYLOV” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu esa saylov komissiyalari o‘rtasidagi hujjat almashinuvini tezlashtiradi, ortiqcha vaqt yo‘qotilishining oldini oladi. Eng muhimi, “E-SAYLOV” axborot tizimi saylovchilarga qulaylik yaratadi. Ular ushbu tizim orqali o‘z hududidan ko‘rsatilayotgan nomzodlar va ularning dasturlari haqida ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa saylov kunigacha saylovchilarning nomzodlar haqida aniq bir to‘xtamga kelishiga asos yaratadi.
– Xorijdagi vatandoshlarimizning ham saylov huquqlarini ta’minlash eng muhim masalalardan biridir. Aralash saylov tizimida o‘tadigan saylovlarimizda xorijdagi yurtdoshlarimizning ishtiroki qanday tashkil etiladi?
– To‘g‘ri ta’kidladingiz. Xorijdagi vatandoshlarimizning saylov huquqlarini ta’minlash MSKning doimiy e’tiboridagi masala hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasi har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga mas’ul. Chet elda tashkil etiladigan uchastkalarimizda vatandoshlarimiz faqat proporsional tizim orqali siyosiy partiyalarga ovoz beradi.
– Mamlakatimizdagi saylov jarayonlariga xalqaro darajada qiziqish qanday bo‘lyapti, qancha ekspert va kuzatuvchilar kutilyapti?
– Albatta, har bir davlatda bo‘ladigan saylovlarga xorijiy ekspertlar, saylov tizimi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar vakillarining qiziqishi katta bo‘ladi. Chunki bunda qaysi davlatda bo‘lmasin, o‘sha davlatning saylov tizimi, saylov qonunchiligi va amaliyoti bilan tanishish hamda o‘zlarining saylov tizimini takomillashtirish, qolaversa, saylov jarayonlariga baho berish nazarda tutiladi.
Bu borada yurtimizda 2023 yilda bo‘lib o‘tgan Prezidentlik saylovida 900 dan ortiq xalqaro kuzatuvchi ishtirok etdi. Eng avvalo, yurtimizda bo‘layotgan izchil islohotlarga qiziqishi, saylov tizimida bo‘layotgan o‘zgarishlar, saylov amaliyoti va qonunchiligining ahamiyati haqida o‘z fikrini bildirishi biz uchun ham, ular uchun ham muhim ahamiyatga ega. O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan referendum va muddatidan ilgari o‘tkazilgan Prezidentlik saylovida ularning o‘rganishlari shuni ko‘rsatdiki, bizdagi saylovlar eng yuqori talablarga mos ravishda rivojlanayotgani e’tirof etildi.
Shu nuqtai nazardan bu yilgi saylovlarda ishtirok etish uchun xalqaro tashkilotlarga, xorijiy davlatlardagi hamkasblarimizga taklifnomalar yuboriladi. Ular o‘z imkoniyatiga qarab ishtirok etish bo‘yicha bizga ma’lumot beradi.
– Saylov qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari faoliyatiga oid bir qator yangiliklar bo‘ldi. Shular haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Darhaqiqat, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman, shahar saylov komissiyalarining yangi tizimi shakllantirildi. Bu esa Markaziy saylov komissiyasidan boshlab saylov uchastkalarigacha bo‘lgan jarayonlarni bir xilda, qonun talablari asosida amalga oshirish va nazorat qilish imkoniyatini yaratadi. Ushbu tizim O‘zbekiston saylov qonunchiligida ilk bor yaratilgan yangi amaliyot hisoblanadi.
Muhtarama KOMILOVA, O‘zA muxbiri