O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (EMDRA) va Turkiya energetika bozori operatori – “Enerji Piyasaları İşletme A.Ş.” (EPİAŞ) kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar energetika bozorini rivojlantirish istiqbollari va hamkorlik masalalarida so‘z yuritdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev qayd etganidek, Turkiyaning energiya bozorini rivojlantirish sohasidagi tajribasini o‘rganish va doimiy hamkorlik qilish mamlakatimizda ushbu yo‘nalishning huquqiy asoslarini yaratishda muhim qadamdir.

–Shu bilan birga, mamlakatimizning energetika bozori ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash, tariflarni tartibga solish va uslubiyotni rivojlantirishda Turkiya tajribasi yaxshi samara beradi. Qolaversa, ekspertlar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, EPİAŞ da qo‘llaniladigan innovatsion yechimlarni o‘rganish muhim hisoblanadi, – dedi Sh.Xo‘jayev.

“Enerji Piyasaları İşletme A.Ş.” kompaniyasi Turkiyada ishonchli va shaffof bozor sharoitlarini ta’minlash orqali energiya, tabiiy gaz va atrof-muhit bozorlarini boshqaradigan energetika bozori operatoridir. Kompaniya markaziy kontragent sifatida moliyaviy hisob-kitoblar va hisob-faktura xizmatlari uchun mas’ul tashkilot hisoblanadi. Shuningdek, u qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ro‘yxatga olish tizimini ham boshqaradi.

Uchrashuvda “Enerji Piyasaları İşletme A.Ş.” kompaniyasi bosh direktori Taha Meli Arvas uyushgan ulgurji bozorga o‘tish mamlakatlarga elektr energiyasi bozorida raqobat va investitsiyalarni rivojlantirishga imkon beradigan hal qiluvchi vosita ekaniga to‘xtalib o‘tdi.

– EPİAŞ O‘zbekistonda energiya bozorlarini rivojlantirish va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘z tajribasini almashishga tayyor. Biz Markaziy Osiyo mintaqasi uchun namuna sifatida yaxshi ishlaydigan elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va joriy etishni qo‘llab-quvvatlaymiz, –dedi kompaniya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, imzolangan mazkur anglashuv memorandumiga asosan tomonlar mamlakatimizda energetika bozorini rivojlantirish, huquqiy me’yorlar ishlab chiqish va tajriba almashish yuzasidan hamkorlik qiladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA