Prezidentimizning 2023 yil 30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘tgan davr mobaynida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining Orolbo‘yiga alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli faqatgina Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan 7 ta farmon va qaror asosida hudud aholisiga, jumladan yoshlarga, tadbirkorlarga katta imkoniyatlar yaratildi. Mahallalarda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Jumladan, o‘tgan yilda 452 ta mahallaning har biriga 500 million so‘mdan, jami 226 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilib, kadastri bo‘lmagan 43 mingdan ziyod turar joyning kadastr hujjatlari tayyorlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024 yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot hajmi 15,7 trillion so‘mni, o‘sish sur’ati 105,7 foizni tashkil etdi. 132 million dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, uning hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,7 barobarga oshdi. Respublikada eksport hajmi 80,2 million dollarni, eksport qiluvchi korxonalar 141 tani tashkil etdi. Olti oy mobaynida 68,2 ming nafar aholining bandligi ta’minlanib, ishsizlik darajasi 7,1 foizgacha kamaytirildi, 7 ming nafar fuqaro kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitildi.

Respublikada suv tanqisligi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash bo‘yicha ishlar nazoratga olingan. Jami 35978,7 gektar yer maydonidan bugungi kunda 30209,9 gektari sug‘orildi.  Qolgan 5768,8 gektar yer maydoni navbatma-navbat sug‘orilib borilmoqda. Suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda paxta maydonlarida pudrat shartnomalari rasmiylashtirilgan bo‘lib, 2 ming 882 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish va 214 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish ishlari boshlandi. Joriy yilda  34 ming 586 gektar maydonda, shundan 4 ming 21 gektarda tomchilatib, 1 ming 14 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish hamda 28 ming 500 gektar maydonda lazerli yer tekislagich yordamida tekislash ishlari olib borildi.

“Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida 21 ta qurilish shartnomasi imzolangan bo‘lib, qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Bo‘ston” kanali(sharqiy qismi) ni qayta tiklash ishlari yakunlan. Kanalni rekonstruksiya qilishda pudratchi tomonidan 35,2 kilometr uzunlikda 4 692,1 ming m3 hajmdagi tuproq ishlari bajarildi, yangidan 18 dona gidrotexnik inshoot qurildi. Shu kungacha shartnoma bo‘yicha ko‘zda tutilgan 145000 m3 betonlash ishlari (35,2 km beton qoplama yotqizildi) to‘liq yakunlandi. “Bo‘ston” kanalining g‘arbiy qismida ham keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilayotir. Kanalda betonlash, tuproq ishlari hamda gidrotexnik inshootlar qurish ishlari davom etmoqda. Hozirgi kunga qadar 33,4 km uzunlikdagi kanalning 32 km qismida beton ishlari yakunlandi.

Klaster korxonalari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan vazifalar bo‘yicha tuzilgan bitim hamda “Yo‘l xaritalari” asosida investitsiya majburiyatlari, faoliyatning samaradorligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar monitoring qilinib, natija bermagan klasterlar faoliyatini tugatish va yangisini tashkil etish bo‘yicha komissiyaga takliflar kiritilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni kengaytirish uchun investorlarni jalb qilish maqsadida 55 ta investitsiya loyihalari ishlab chiqildi. Ushbu loyihalarga investorlarni jalb qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Nukus shahrida “KARAKALPAK BASALTWOOL” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bazalt mineralidan vata ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihani kelgusi yilning dekabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 16 qavatli uy-joylar qurish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Ushbu yer maydonlari joylashgan massivlarga ichimlik suvi tarmoqlari va ichki yo‘llar qurilishini respublika byudjeti hisobidan, elektr energiya ta’minoti mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotir. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 120 xonadondan iborat 4 ta, tadbirkorlar tomonidan 114 xonadonli 3 ta uy-joy foydalanishga topshirildi.

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 673-698 km (25 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi bo‘yicha tender jarayonlari yakunlandi. Mazkur loyiha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturining manzilli ro‘yxatiga kiritildi va amalga oshirish muddati 2024-2026 yillarga belgilandi.  “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 8,9 million tup manzarali va mevali daraxtlar ekildi, 8 ta yirik sanoat korxonasi atrofida “yashil belbog‘”lar tashkil etildi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish, cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang-qum bo‘ronlari va haroratning ko‘tarilishiga qarshi chora sifatida 112,5 ming gektar “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlari barpo etildi.

Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasi ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Nukus shahri va Bo‘zatov tumanida madaniyat va san’at yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST festivalida mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan iqtidorli yoshlar baxshichilik, an’anaviy ijro, opera hamda estrada kabi yo‘nalishlarda o‘z mahoratini namoyish etdi. Mo‘ynoq tumanida “Rally Muynak – 2024” musobaqasi, Taxtako‘pir tumanida “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik xalqaro festivali, “Abboz ovozi – Qarateran ohanglari” folklor festivali va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Prezidentimizning “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” gi qarori qoraqalpoq adabiyotiga alohida hurmat hamda g‘amxo‘rlikning amaldagi namunasi bo‘ldi.

Mamlakatimizda, jumladan, Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, tizimli chora-tadbirlar aholi farovonligini yanada oshirish, turmush tarzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Prezidentimizning bugun boshlanadigan bu galgi tashrifi chog‘ida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida yuz bergan olamshumul yangilanishlar bilan tanishiladi. Shuningdek, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, hududlarni yanada yuksaltirish, odamlar turmush darajasini oshirishning kelgusidagi yo‘nalishlari belgilab olinadi.

Dovud Abibullayev,

Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari