Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani “Ko‘na-To‘rtko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida noqonuniy sholi ekilganligi yuzasidan tarqalgan videomurojaatga tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unda qayd etilishicha, To‘rtko‘l tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi mas’ullari mazkur holatni joyiga chiqqan holda o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, sholi “Xonqali Rashid-Qudrat” fermer xo‘jaligi tomonidan ekilganligi aniqlandi.
Joriy yilning 5 avgust kuni ushbu hududda o‘rganish ishlari olib borilganda, fermer xo‘jaligi tomonidan sholi ekib, suvdan ruxsatsiz foydalanib kelinganligi aniqlandi. Shu tariqa “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan jarima sanksiyasi qo‘llanilgan hamda ushbu sholi maydoniga takroran suv ochgan taqdirda yana jarima qo‘llanilishi bo‘yicha ogohlantirilgan.
Shuningdek, ushbu fermer xo‘jaligi rahbari tegishli tashkilotlar tomonidan bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramasdan sholi ekkanligi bo‘yicha tuman hokimligi va fermer xo‘jaligi o‘rtasidagi ijara shartnomani bir tomonlama bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.