Nukusda Mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Unda, ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan joylarda “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Mamlakatimizda istiqlol yillarida erishilgan ulkan yutuqlarni keng ommaga yetkazishda mehnat qilayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirishda “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hakamlar hay’ati tomonidan shoir va yozuvchilar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlarining, shuningdek, musavvirlar, xalq amaliy san’ati vakillari, kino ijodkorlar hamda fotosuratchi va dizaynerlarning ijodiy ishlari ko‘rib chiqildi.
Tanlov yakunida Qoraqalpog‘iston televideniyesi muharriri Sharigul Ametova, “Qoraqalpog‘iston yoshlari” gazetasi muxbiri Zibira Abdiniyazova, jurnalist Miyassar Kabulova, yozuvchi Narjan Atabayeva, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi bosh ilmiy kotibi Axmet Xojambergenov, “Qoraqalpoqfilm” davlat unitar korxonasi badiiy rahbari Guljahon Tajetdinova, Qoraqalpog‘iston axborot agentligi tarjimoni Saodat Qurbaniyazova o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha g‘olib deb topildi va tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (video), O‘zA.