Davlatimiz rahbarining 2023 yil 31 maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, atrof-muhitga ta’sirni baholash sohasini raqamlashtirish va shaffof tizim yaratish borasida zaruriy chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini baholash uchun taqdim etiladigan loyihalarning situatsion xaritalarini tasdiqlash mexanizmi tegishli tartibda amalga oshiriladi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramovaning ma’lumotlariga ko‘ra, buyurtmachi tomonidan loyiha hujjatlari Davlat ekologik ekspertizasi markazining eco-service.uz dasturi orqali elektron kiritilganidan so‘ng ariza shakllantiriladi hamda dastur orqali avtomatik tarzda tuman (shahar) inspeksiya bo‘lim boshlig‘i va mas’ul inspektorlarning profiliga yuboriladi.
Tuman (shahar) Ekologik inspeksiya bo‘limi boshlig‘i va inspektorlari eco-service.uz dasturiga elektron raqamli imzosi orqali kiradi va situatsion xaritalarni ko‘rib chiqadi. Inspektorlar situatsion xaritadagi belgilangan ob’ekt joylashgan hududga chiqib, ob’ektning geografik koordinatalari, rekreatsiya zonalari, aholi yashash joylari, suv va gaz quvurlari kabi ma’lumotlar situatsion xaritaga mos kelishini tekshiradi.
Agar barcha ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, situatsion xaritani tasdiqlaydi va tizim ushbu arizani Davlat ekologik ekspertizasi markaziga yuboradi. Agar tekshiruv vaqtida kamchiliklar aniqlansa, situatsion xarita inspektorlar tomonidan rad etiladi.
Ekologik nazorat inspeksiyasi tuman (shahar) inspeksiya bo‘lim boshlig‘i va mas’ul inspektorlari tomonidan “situatsion xaritalar” tasdiqlanganidan so‘ng buyurtmachining arizasi Davlat ekologik ekspertizasi markazi mas’ul xodimiga kelib tushadi hamda keyingi ekologik ekspertiza ishlari olib boriladi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, ilgari bu jarayon tadbirkorlik sub’ektlari uchun ancha murakkab bo‘lgan va ko‘p vaqt talab qilgan, chunki loyihalarning barcha hujjatlari qog‘ozda tayyorlanib, tegishli idoralarga qo‘lda topshirilishi kerak edi. Bu holat qator muammolarni keltirib chiqargan, jumladan, ovoragarchilik, tezkorlikning yo‘qligi, hujjatlarni kuzatishdagi qiyinchiliklar, resurslarning ko‘p sarflanishi. Hujjatlar endi elektron shaklda taqdim etiladi, bu esa jarayonni sezilarli darajada soddalashtirib, vaqtni tejaydi va ovoragarchiliklarni kamaytiradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA