O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) devoni tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tadbirkorlarning yutuqlarini namoyish etish va mahalliy tadbirkorlar hayotini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlarni keng ommaga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi, 2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil etish, shuningdek, tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdan iborat.
Press-tur davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024 yilning birinchi yarmida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 48,9 mingtani tashkil etdi. Ulardan 27,4 mingtasi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar (yuridik shaxslar), 25,5 mingtasi yakka tartibdagi tadbirkorlardir.
Vakil devonining Qoraqalpog‘iston Respublikasi sho‘’basi tomonidan 2024 yilning 6 oyi mobaynida tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, tadbirkorlardan 261 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning qariyb 80 foizi qanoatlantirilgan.
Jurnalistlar bir nechta tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Dastlabki manzil Amudaryo tumanidagi “Amudaryo tomorqa xizmat klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyat bo‘ldi. 2018 yilda tashkil qilingan jamiyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi. 25 nafar kishi doimiy, 50 nafari mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Tadbirkorning subsidiya olish bo‘yicha tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga elektron shaklda yuborgan arizasi nazoratga olinib, tuman ishchi guruhining jamiyatga subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida ijobiy xulosa olinishi ta’minlandi.
Tadbir ishtirokchilari 2022 yilda faoliyatini boshlagan “Indigo Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyat – xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi. Mazkur ta’lim tashkilotiga ajratilgan kredit mablag‘lari yuzasidan imtiyoz qo‘llash bo‘yicha tegishli hujjatlar to‘planib, ko‘rib chiqish uchun bankka taqdim qilindi. Natijada kredit qaytarishning so‘nggi muddati 2031 yil noyabr oyiga qadar uzaytirib berilishi ta’minlandi.
Press-tur doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari Kegeyli tumanida joylashgan “Kegeyli Tex Group” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan tanishdilar. 2024 yilda o‘z faoliyatini boshlagan korxona yiliga 3 million dona kiyim-kechak ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning asosiy qismi Qozog‘iston va Rossiyaga eksport qilinadi. Joriy yilda korxona 504 ming dollarlik eksport hajmiga erishdi va ichki bozorda 1 milliard 200 million so‘mlik mahsulot sotdi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatida 120 nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Yil yakuniga qadar yana 500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Press-tur ishtirokchilari Nukus shahridagi “Nitsa Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyatda ham bo‘ldi. Bugungi kunda 25 nafar mahalliy aholini ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’ekti turizm sohasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Tadbir doirasida mazkur jamiyat faoliyati, turizm sohasidagi imkoniyatlar va yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jamiyat tadbirkorlik faoliyati davomida yer solig‘i bilan bog‘liq masalaga duch kelgan. Biznes-ombudsman yordamida to‘rt baravar miqdorida hisoblangan soliq bekor qilingan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat+video) O‘zA.