Ostona shahrida O‘zbekiston – Qozog‘iston ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki davlat vazirlik, idoralari, ekspert-tahliliy doiralari rahbariyati va vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda so‘zga chiqqan SMTI direktori Eldor Aripov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi arafasida bo‘lib o‘tayotgan mazkur uchrashuv o‘ziga xos ramziy ma’noga egaligini qayd etdi.

Ekspert ta’kidlaganidek, “ayni payt ikki davlat rahbarlari xohish-irodasi tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yuqori darajadagi siyosiy ishonch shakllangan. Aynan shu omil har qanday siyosiy vaziyatdan qat’i nazar, o‘zaro munosabat izchil mustahkamlanishi kafolatidir.

SMTI vakili so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama munosabatda savdo-iqtisodiy hamkorlik eng muhim o‘rinni egallaydi.

– Qozog‘iston bizning uch eng yirik hamkorimizdan biri, – dedi Eldor Aripov.  – So‘nggi 7 yil ichida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ikki barobardan ortiq o‘sib, 2023 yil oxirida 4,4 milliard dollarga yetdi. Sarmoyaviy hamkorlik yuqori sur’atda namoyon bo‘lmoqda. 2017 yildan boshlab Qozog‘istondan O‘zbekistonga investitsiya hajmi 23 barobar oshdi – 2023 yildagi 10 million dollardan 230 million dollargacha. Yurtimizda ushbu davlat kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ko‘paymoqda. 2016 yilga nisbatan bu miqdor besh barobar o‘sib, mingdan oshdi.

SMTI direktori fikricha, hamkorlikning mavjud ijobiy dinamikasini yanada mustahkamlash uchun “raqobatdosh ustunlikni saqlab qolish va oshirish barobarida yangi iqtisodiy imkoniyatga ega umumiy salohiyatni birlashtirishga tayanish kerak”. Ikki tomon uchun ham teng foyda keltiradigan bu holat o‘zaro bog‘langan mintaqamizda eng muvaffaqiyatli strategiya sifatida namoyon bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan E.Aripov bir necha masala bo‘yicha diqqatni jamlashga chaqirdi:

Avvalo, ittifoqchilik munosabati to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan tamoyil asosida siyosiy ishonchni mustahkamlash, barcha darajadagi muntazam siyosiy muloqotni davom ettirish va yanada kengaytirish muhim. Ko‘p tomonlama platforma doirasida yaqin hamkorlik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash hamda tashabbuslarni birgalikda ilgari surish talab qilinmoqda. Ikki davlat ishtirokidagi yirik xalqaro tadbirlar oldidan o‘zaro maslahatlashuv va fikr yakdilligi juda muhim. Bu borada Ekspertlar kengashi beqiyos hissa qo‘shishi mumkin.

Ikkinchidan iqtisodiyotlar bir-birini to‘ldirishi asosida sanoat va texnologik rivojlanishning umumiy makonini shakllantirish g‘oyalarini amalga oshirish dolzarb. Bu nafaqat raqobatdosh ustunlik, yangi ish o‘rinlari va texnologik salohiyat yaratish, balki qimmat import o‘rnini bosish, shuningdek uchinchi davlatlar bozoriga birgalikda kirishga asoslanishi kerak. Buning uchun bizda barcha sharoit mavjud: chorvachilik sohasida juda ko‘p istiqbolli loyihalar, paxtani yetishtirish va qayta ishlash, issiqxona qurish, avtomobil, maishiy texnika ishlab chiqarish. Bu omillar birgalikda iqtisodiy rivojlanishni ta’minlaydi. Bundan tashqari qo‘shma loyihalar amalga oshirish, davlat-xususiy sheriklik munosabatini yo‘lga qo‘yishda kichik va o‘rta biznesni faol jalb etish muhim.

Uchinchidan tovar, xizmat, ishchi kuchi va kapital harakati uchun “to‘siqsiz” muhit yaratish dolzarb hisoblanadi. Buning foydasi aniq: iste’mol narxi pasayadi, ta’minot zanjiri qisqa masofaga ko‘chadi, bu bizni jahon bozoridagi turbulentlikdan himoya qiladi. Ikki davlat chegara hududlarini rivojlantirish bosh rejalarini bog‘lash bo‘yicha takliflarimiz bor. Ishonchim komilki, imkoniyatlarimiz bir-birini to‘ldirishi yo‘llarini aniqlasak, iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalari ochiladi.

G‘.Xonnazarov tayyorladi, O‘zA