O‘mon O‘zbekiston fuqarolariga mamlakatda 14 kun davomida vizasiz bo‘lib turish tartibini amalga kiritdi. Bu haqda O‘monning mamlakatimizdagi elchixonasi ma’lum qildi. Ushbu davlatda yanayam ko‘proq vaqt qolishni istagan o‘zbekistonliklar O‘monga kirish chog‘ida, aeroportning o‘zida muayyan hujjatni rasmiylashtirishlari mumkin.

Aniqlik kiritilishicha, yangi qaror 14 iyundan kuchga kirgan – shu kuni Tashqi ishlar vazirligi tegishli notani olgan.

Qayd etish kerak, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2021 yil 1 martdan O‘mon fuqarolari uchun mamlakatimiz hududiga 10 kunlik vizasiz tartib joriy qilingan.

Eslatib o‘tamiz, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning O‘monga 26-27 iyun kunlari amalga oshirilgan tashrifi chog‘ida diplomatik pasport egalari, shuningdek shaxsiy va xizmat pasporti uchun vizasiz rejim to‘g‘risidagi bitim imzolangan.