Prezident Shavkat Mirziyoyevga zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va sotish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tayyor mahsulotlar eksportini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimot qilindi.
Yurtimizda zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun juda katta salohiyat bor.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda qazib olinayotgan oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yo‘g‘i 78 million dollarlik eksport bo‘layotgani qayd etib, tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinishi, sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimini butunlay qayta ko‘rib chiqish muhimligini ta’kidlagan edi.
Shu bois Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Jumladan, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, vakolatlarini kengaytirish hamda boshqaruv tizimini qayta tashkil etish rejalashtirilgan.
Sohadagi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasi a’zolari uchun berilgan imtiyozlar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etish taklif etildi.
Shuningdek, 2026 yil 1 oktyabrga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlariga nisbatan bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasini qo‘llash imkoniyati o‘rganilmoqda.
Ishlab chiqarish, ko‘rgazma va savdo maydonlarini o‘z ichiga olgan maxsus zargarlik markazlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu boradagi pilot loyihalarni Toshkent shahri va Namangan viloyatlarida joylashtirish yuzasidan axborot berildi.
Zargarlik mahsulotlari eksportini ko‘paytirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Ikki tomonlama kelishish yo‘li bilan mamlakatimiz hududida ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini Amerika Qo‘shma Shtatlariga “GSP” tizimi bo‘yicha eksport qilish uchun bojxona to‘lovlarining nol stavkasini belgilash taklif etildi.
Davlatimiz rahbari muhokama qilingan chora-tadbirlarni takomillashtirib, 2027 yilgacha bo‘lgan davrda mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishga topshiriq berdi.