Bugun, 19 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida davom etayotgan “BRIKS” o‘yinlarining yettinchi kungi musobaqalar dasturiga ko‘ra, ayollar kurashi, yunon-rum kurashi, boks, baydarka va kanoeda eshkak eshish, qilichbozlik, suzish, shaxmat musobaqalarida 25 ta medallar jamlanmasi uchun musobaqalar tashkil etiladi.
Kecha ortda qolgan oltinchi kungi musobaqalarda erkin kurash, tennis, shaxmat, suvga sakrash, asketbol sport turlarida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘yinlarning erkin kurash musobaqalarida 5 nafar sportchimiz g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Ularning 4 nafari aynan Rossiya terma jamoasi a’zolari bilan oltin medal uchun gilamga chiqdi.
Murosasiz o‘tgan bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolaridan Nodirbek Jumanazarov, Sardar Ro‘zimov, Begidjon Qo‘ldashev, Babur Islomov, Rustam Shodiyev kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Yosh sportchilarimizning muvaffaqiyatli ishtiroki tufayli erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiton terma jamoasi umum jamoada 3-o‘rinni egalladi.
Yarim final ostonasiga qadar yetib kelgan basketbolchilarimiz 4-o‘rin bilan kifoyalangan bo‘lsa, shaxmat, suzish, tennis musobaqalari yurtimiz sportchilari uchun mahorat bellashuvi vazifasini o‘tadi.
Umumjamoada medallar jamg‘arish borasida 131 ta oltin, 80 ta kumush, 51 ta bronza bilan Rossiya terma jamoasi yetakchilik qilmoqda. 2-o‘rinda borayotgan Belarus vakillari 19 ta oltin, 40 ta kumush, 47 ta bronza medaliga ega bo‘lib turibdi. 3-o‘rinda borayotgan Xitoy vakillari hisobida esa 17 ta oltin, 12 ta kumush, 9 ta bronza medali mavjud.
O‘yinlarda qatnashayotgan 90 ta davlat orasida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 3 ta oltin, 12 ta kumush, 18 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan holda kuchli beshlikni yakunlagan.
Eslatib o‘tamiz, 23 iyunga qadar davom etadigan “BRIKS” o‘yinlarida 387 ta medallar jamlanmasi uchun musobaqalar o‘tkazilmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA