Kuni kecha poytaxtimizda Rossiya delegatsiyasi vakillari, jumladan, o‘ttizga yaqin hudud rahbarlari va uch yuz nafar yetakchi sanoat korxonalari, biznes vakillari jam bo‘lgan katta tadbir yakunlandi. Bu – O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi.
Majlis O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgani uning ahamiyati nechog‘lik muhim ekanligini ko‘rsatdi.
Ushbu platforma olti yil avval ikki davlat rahbarlari tomonidan ishga tushirilganini qayd etish lozim. Keyinchalik qo‘shma Hududlararo hamkorlik forumi shaklida faoliyat yuritgan.
Hududlararo hamkorlikning jadalligi, o‘zaro investitsiyalarning yuqori ko‘rsatkichi va birgalikdagi loyihalar salmog‘i ko‘pligi quvonarli. Shuni hisobga olib, forum maqomini oshirish va uni Prezidentlar raisligidagi O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashiga aylantirishga qaror qilindi.
Mavzu yuzasidan tadbir ishtirokchilari, hudud rahbarlari fikrlari bilan qiziqdik.
Igor KOBZEV, Irkutsk viloyati gubernatori
– Bugun hudud rahbarlari bir-birimizni chuqur o‘rgandik. O‘zaro manfaatli hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan sohalar juda ko‘pligiga yana bir bor aminmiz. Biz o‘rtadagi biznesini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratamiz. Yog‘och ishlab chiqarish korxonalarimiz yurtingiz, xususan, Andijon viloyati bozoriga kirib kelishga tayyor. Keyingi yo‘nalishimiz turizm sohasidir. Bugungi kunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qiladigan aviareyslarga egamiz.
Irkutsk neft kompaniyasi mahsulotni ishlab chiqarish kompleksida xizmat ko‘rsatish uchun O‘zbekistondan pudratchilar va mutaxassislarni ishga taklif qilish masalalarini ko‘rmoqda. Bugun dunyo jadal sur’atlar bilan o‘zgarib bormoqda va biz ham bu o‘zgarishlarga moslashishimiz kerak. Shuningdek, to‘qimachilik sohasidagi hamkorlikka ham e’tibor qaratishimiz lozim. Yengil sanoat bo‘yicha klaster yaratganmiz. Bu sohada ham mutaxassislarimiz o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari mumkin. Irkutsk viloyati Rossiya Federatsiyasining eksport salohiyatiga ega hududlari o‘ntaligiga kiradi. Uch yilda eksport yukini qariyb ellik foizga oshirganmiz. Shuningdek, ta’lim sohasi ham istiqbolli yo‘nalishlardan sanaladi. Irkutsk viloyatida 23 ta oliy ta’lim muassasasi, 80 dan ortiq kasb-hunar bilim yurtlari faoliyat yuritadi. Hududlararo aloqalarni mustahkamlashdan mamnunmiz.
Shuhratbek ABDURAHMONOV, Andijon viloyati hokimi
– Xabaringiz bor o‘tgan hafta O‘zbekistonning barcha hududlari rahbarlari tashrif bilan Rossiyada bo‘ldi. Enda ular Toshkentda. Amaliy hamkorlikning kengayishi ikki tomonga ham manfaatli. Aytaylik, Moskvalik investorlar viloyatimizda sanoat zona qurib, o‘zlarining tadbirkorlarini jalb qilishi rejada bor. Bu loyiha hududimiz iqtisodiyoti, aholini ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Biz asosan Irkutsk viloyati bilan muloqot qildik. Loyihalar bo‘yicha kelishuvlarimiz hali davom etadi. Savdo, ta’lim, tibbiyot yo‘nalishlarida qator tashabbuslar ilgari surildi. Keyinchalik kelishuv natijalari bo‘yicha aniq raqamlar ma’lum bo‘ladi. Barcha darajadagi, xususan, ikki davlat hududlari o‘rtasidagi aloqalar faollashganini alohida ta’kidlashni istardim. Bunday muloqotni yanada rivojlantirish, uni yangi amaliy mazmun bilan boyitish bugungi kunda muhim. Ikki tomonlama uchrashuvlarda bu yaqqol sezilib turdi.
Azat GAZIZOV, “Oporы Rossii” kompaniyasining birinchi vitse prezidenti.
– O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining majlisi mamlakatlarimiz hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega. Jarayonda biznes hamjamiyatlarning muloqoti ham olib borildi. Ya’ni turli biznes maydonchalar tashkil etildiki, ulardagi kelishuvlar ijrosi ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga yordam berishiga ishonamiz.
Bugungi maydonchamizda bir necha yuzlab tadbirkorlar yig‘ilgan bo‘lib, bu kichik va o‘rta biznesni integratsiya qilish nihoyatda muhim ahamiyatga egaligini ko‘rsatmoqda. Chunki mamlakatlarimizda ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlarni eksport qilish uchun talab katta. Faqat o‘zaro hamkorlik orqaligina buni rivojlantirish mumkin. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish, IT-sohasini rivojlantirish va tabiiyki, ip-gazlama bilan bog‘liq sohalar shular jumlasidandir.
Bugungi tadbirda ko‘plab ishtirokchilar hamkorlar topdi. Bu aloqalar uzoq davom etishiga ishonaman. Xususan, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, ip-gazlama yetkazib berish va turizm sohalarida aniq loyihalar ishlab chiqildi. Men ko‘p yillar oldin yurtingizda bo‘lganman. Toshkentga kelib bu shaharni taniy olmay qoldim. Hammasi yaxshi tomonga o‘zgarib ketgan. Investitsion muhitni o‘rgandim, bu boradagi o‘zgarishlar esa hammasidan quvonarli. Sarmoyadorlar, muhim tashabbus egalariga barcha imkoniyatlar berilgan.
Normat TURSUNOV, Navoiy viloyati hokimi
– Ikki mamlakat yetakchilari, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalar barcha sohalar rivojida o‘z ifodasini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, hududlar o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. Yig‘ilishda bugungi kunda hududlar darajasida 4 milliard dollarlik 200 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Kengash majlisi doirasida ham katta qiymatdagi yangi shartnomalar to‘plami tayyorlangani qayd etildi. Bu raqamlar ikki tomon uchun ham manfaatli. Navoiy viloyati ham Rossiyaning qator hududlari bilan hamkorlik qilib keladi. O‘rtada amalga oshirilayotgan yirik loyihalarimiz bor. Lekin bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Biz ham kengashining yig‘ilishi doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazdik. Xususan, Chelyabinsk viloyati gubernatori Aleksey Teksler bilan uchrashdik. Hududlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvni imzoladik. Xususan, viloyatda 251 million dollarlik Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi maxsus sanoat parki va “Oriks” kompaniyasi tomonidan 140 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash loyihalari shular jumlasiga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, kengash majlisi doirasida besh milliard dollarlik yangi shartnomalar to‘plami tayyorlangan. Oliy darajadagi muzokaralar davomida tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olindi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri