O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim 19-may kuni Buxoroga keldi.
Oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A. Ramatov, Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Dastlab Bosh vazir Anvar Ibrohim Bahouddin Naqshband ziyoratgohida bo‘ldi. Bu yerda oliy martabali mehmonga Bahouddin Naqshbandning hayoti, islom dini rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘zlab berildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda bu maskan yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar ko‘p keladigan ziyoratgohga aylandi.
Bosh vazir O‘zbekiston buyuk allomalar yurti ekanini, xalqimiz tarixi va ma’naviyatiga hurmati balandligini ta’kidladi.
Majmuada Qur’on oyatlari o‘qilib, duolar qilindi.
Ark qal’asi ko‘hna Buxoroning eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan tarixiy-me’moriy obidalaridan biridir. Bu yerda martabali mehmonga majmua to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Sayr davomida qo‘rg‘ondagi Taxtxona mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ark qal’asining balandligi 16-20 metrni tashkil etib, g‘arbdan sharqka tomon yoyilgan ko‘pburchakni eslatadi. Qo‘rg‘on hududida olib borilgan arxeologik tadqiqotlarga qaraganda, qal’a devorlari IV davrda barpo etilgan. Birinchi davr – antik, ikkinchi davr (mil. IV-V-VIII asrlar chegarasi) uchinchi davr (IX asr boshlari – XIII asr), to‘rtinchi davr (XV-XX asrlar)ga to‘g‘ri keladi.
1920-yildagi Buxoro bosqini natijasida ko‘pgina yodgorliklar qatorida Ark qo‘rg‘oni ham vayron bo‘lgan. Bugungi kunda qo‘rg‘onning saqlanib qolgan 1,1 gektar maydonida Buxoro davlat muzey qo‘riqxonasi faoliyat olib bormoqda.
Ma’lumki, Prezidentimiz 2017-yilda Buxoroga tashrifi jarayonida Mir Arab madrasasining tarixiy mavqeini tiklash maqsadida ko‘rsatmalar bergan edi.
Shundan keyin Ark yaqinida yangi bino barpo etildi. Oliy madrasa 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, Qur’oni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta o‘rgatiladi. Bu yerda o‘quv xonalari, kutubxona, faollar zali, talabalar yotoqxonasi, xizmat uyi, sport zali va boshqa qulayliklar mavjud.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Prezidentimiz tashabbusi bilan yangidan qurilgan Mir Arab Oliy madrasasida bo‘lib, ilm-u toliblar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Poyi-Kalon Buxoroning eng ko‘zga ko‘ringan tarixiy qadamjolaridan sanalib, nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning eng diqqatga sazovor joylaridan biridir.
Poyi-Kalon me’moriy ansambli Mir Arab madrasasi, Minorai Kalon va shu nomdagi masjiddan iborat bo‘lib, kompleks tarkibiga kirgan binolar XII–XVI asrlarda qurilgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Poyi-Kalon “Kattaning poyi” degan ma’noni anglatadi. Poyi-Kalon Minorai Kalon etagida joylashganligi bois unga shunday nom berilgan. Minorai Kalon esa 1127-yilda Arslonxon tomonidan qurilgan va bugungi kungacha saqlanib qolgan.
Martabali mehmon Mir Arab madrasasida ham bo‘ldi. Bu yerda mehmonga madrasa tarixi haqida qisqacha ma’lumot berildi.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, madrasa Ubaydullaxon homiyligida 1530-1536-yillarda Yamanda tug‘ilgan shayx Abdulloh tomonidan qurilgan.
Bino ikkita ulkan zaldan, birinchisi masjid va ma’ruza zali, ikkinchisi maqbaradan iborat.
Mir Arab madrasasi kattaligi bo‘yicha Buxorodagi Ko‘kaldosh madrasasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Buxoro azaldan hunarmandchilik mahsulotlari bilan dong taratgan shaharlardan biri hisoblanadi. Bu yer nafaqat tarixiy obidalari, balki qo‘lda to‘qilgan gilamlari bilan ham mashhur. Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Buxoro gilamchilik markazida bo‘ldi. Martabali mehmon bu yerda ipakdan to‘qilayotgan turli hajmdagi gilamlarning to‘qilish jarayonini kuzatdi va gilamdo‘zlarning qo‘l mehnati bilan yaralayotgan mehnat mahsulidan hayratda ekanini yashirmadi. –Qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Nafis va go‘zal gilamlarning to‘qilish jarayonini kuzatish kishiga zavq bag‘ishlaydi. Hayratdaman,– deydi Bosh vazir janoblari.
Labi hovuz majmuasida folklor-etnografik ansamblarining chiqishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu yerning o‘zida martabali mehmonga o‘zbekona to‘n kiydirilib, estalik sovg‘alari topshirildi. O‘z navbatida Bosh vazir Anvar Ibrohim bugungi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida O‘zbekiston, xususan. Samarqand va Buxoro shaharlari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlagan holda turizmni yanada rivojlantirish niyati borligini bildirdi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan yurtimizga rasmiy tashrifini amalga oshirgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim o‘z yurtiga jo‘nab ketdi.
Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A. Ramatov, viloyat hokimi B.Zaripov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘yishdi.
Abduvali Bo‘riyev, Nosirjon Haydarov va Tohir Istatov (surat), O‘zA