Markaziy Osiyo: Barqaror rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik

Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi yillarda “Yangi O‘zbekiston – yaxshi qo‘shnichilik” tamoyili asosida mintaqaviy barqarorlikka erishish, qo‘shni  davlatlar bilan do‘stona munosabatni mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosati samara berayotganini dunyo ahli e’tirof etmoqda. Xususan, taqdiri, tarixi mushtarak o‘zbek va tojik xalqlari, O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari o‘rtasidagi ishonchli, yaqin rishta qayta tiklandi. O‘zbekiston yetakchisining 2018-yil 9-10-mart kunlari Dushanbe shahriga, Tojikiston rahbarining o‘sha yil avgust oyida Toshkentga davlat tashrifi o‘zaro aloqalar sifatini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida dadil qadam bo‘ldi.

Ushbu tashriflar asnosida muhim tarixiy hujjatlar imzolana boshlagan davrdan beri, allaqachon, 6-yil vaqt o‘tdi. Bugun O‘zbekiston va Tojikiston sherikligi, do‘stona aloqalari qay darajada rivojlanmoqda? O‘zaro munosabat istiqboli yana qaysi sohalarni qamrab olishi mumkin? Shu va boshqa savollarimizga Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda javob berdi.

– Mamnuniyat ila qayd etish mumkinki, ikki qo‘shni davlat hamkorligi, robitalar so‘nggi 6-yilda barcha sohalarda mustahkamlanmoqda. Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati natijasida chegaralarimiz bir-birimiz uchun ochildi, rishtalar strategik munosabat maqomidan abadiy do‘stona darajaga  ko‘tarildi. Yetakchilar ko‘p marta uchrashib, istiqbolli hamkorlikni  zamon talabidan kelib chiqqan holda yanada kengaytirish yo‘llarini muhokama qilib, muhim shartnomalar imzoladilarki, jarayon samarasi barcha jabhalarda namoyon. Ramziy ma’noda olti yil oldin o‘tqazilgan do‘stlik daraxti meva bermoqda.

Davlatlararo munosabat 192 shartnoma, 100 dan ziyod kelishuv va bitim asosida rivojlanyapti. Hujjatlarning aksariyati Shavkat Miziyoyev davlat tepasiga kelganidan keyin imzolangan. Ayniqsa, savdo sohasidagi yutuqlarimiz ulkan. Bugungi kunda tovar ayirboshlash qiymati 700 million dollardan oshgan. Eng muhimi, bu ko‘rsatkich hech bir tomonni qoniqtirmaydi. Ya’ni, ayni payt mahsulot va xizmat ayirboshlashni yiliga 1 milliard dollarga yetkazish imkoni mavjud. Bu borada Tojikiston va O‘zbekiston Investitsiya fondi tashkil etilgani ayni muddao. Jamg‘arma ko‘magida qo‘shma korxonalar ochilib, ikki mamlakat ishbilarmonlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Qayd etish joiz, qo‘shni davlat sarmoyasi ishtirokida mamlakatimizdagi bir necha korxona faoliyatini tiklab oldi. O‘zbekistonning ayrim korxonalari “TALKO” kompaniyasi korxonalarini qayta tiklash bo‘yicha loyiha taqdim etdi. Endilikda mamlakatimiz investitsiyasi ishtirokida Tojikiston 90 dan ziyod qo‘shma korxona faoliyat olib bormoqda, ishlab chiqarilgan mahsulot chet elga eksport qilinmoqda. Tojikistonda yer osti boyliklari, kon juda ko‘p. O‘zbekiston mana shu zaxiradan, ayniqsa ko‘mir konlaridan o‘zaro manfaat ko‘rish uchun samarali ish olib bormoqda. Agar Samarqand – Panjakent temir yo‘li foydalanishga topshirilsa, naf ikki-uch hissa ortishi mumkin.

Transport sohasidagi hamkorlik ham tobora rivojlanmoqda. Ayniqsa, tranzit yo‘llardan foydalanish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Yuk tashish hajmi ikki barobar ortdi. Soliq va boj to‘lovi yaqin kelajakda keskin kamayishi nazarda tutilyapti.

Ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan Zarafshon daryosida ikkita elektr stansiyasi qurish rejalashtirilgan, hozir loyihalash ustida ish qizg‘in. May oyida xalqaro tender o‘tkaziladi. Shuningdek, energetika vazirliklari elektr energiyasi tranziti bo‘yicha kelishuvga erishdi. Xullas, suv va energetika kabi dolzarb masalalar bo‘yicha xalqlarimiz manfaatini ko‘zlagan hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Qishloq xo‘jaligi aloqalari ham samara bermoqda. Hisor shahrida 20 gektar maydonda yaratilgan “Do‘stlik bog‘i” fikrimizning yaqqol misoli. Majmuani nihol bilan ta’minlash va agrolaboratoriya ishlari O‘zbekiston tomoni zimmasida.

So‘g‘d viloyati markazida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etilgan. O‘zbek olimlari va mutaxassislari irrigatsiya, chorvachilik, paxtachilik, pillachilik, uzumchilik, urug‘chilik bo‘yicha tajriba, ilmiy yutuqlar yuzasidan maslahat berib kelmoqda. 2024-yil fevral oyida markazning ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tojik dehqonlari O‘zbekistondan olib kelingan turli xil minerallar yordamida mo‘l hosil olmoqda.

Sayyohlik hamkorlikning muhim sohasiga aylandi. Har yili Toshkent shahrida O‘zbekistoning turistik imkoniyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Hozirgacha Tojikistonning 20 dan ortiq kompaniyasi tibbiyot, tog‘ va ziyorat turizmi bo‘yicha bitim imzolagan. Masalan, birgina 2023-yilda bir yarim million tojikistonlik sayyoh O‘zbekistonning turli mintaqalariga, 800 mingdan ziyod o‘zbekistonlik sayyoh Tojikistonga tashrif buyurib, yaxshi taassurot bilan uyiga qaytgan.

Parlamentlararo munosabat ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. 2023-yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva ikki bor Dushanbe shahriga tashrif buyurib, Tojikiston Oliy Majlisi Milliy Majlisi Raisi Rustam Emomali bilan uchrashdi. Tojikiston Oliy Majlisi Vakillar Majlisi Raisi Mahmadtoir Zokirzoda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan MDH mamlakatlari parlamentlari yig‘ilishida ishtirok etdi. Parlamentlar raislari muovinlari rahbarligida do‘stlik guruhi tuzilgan. Shu yil 11-12-mart kunlari Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikka oid hukumatlararo komissiyaning 11-yig‘ilishi Dushanbe shahrida ikki mamlakat Bosh vazirlari ishtirokida o‘tdi.

– Elchi janoblari, aytish mumkinki, madaniyat, adabiyot, umuman gumanitar sohadagi aloqalarimiz ham sezilarli darajada rivojlanmoqda. Zero, tarixan ajdodlarimiz bugungi mavjud hamkorlik poydevorini ming yillar oldin mustahkam qo‘yganlar. Biz esa ulkan merosning vorislarimiz. Shunday emasmi?

– Darhaqiqat, oxirgi olti yil biz uchun burilish davri bo‘ldi. Masalan, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aniq va tabiatshunoslik fanlari bo‘yicha yaqin hamkorlik samarasi o‘laroq, Tojikistonning kimyo sohasi olimlari  Navoiy kimyo korxonalari, laboratoriyalarida tadqiqot olib boryapti. Fizik olimlarimiz – Prezident huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi mutaxassislari Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti va boshqa sohaviy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan izchil izlanishlarni yo‘lga qo‘ygan. Rektorlar forumi doirasida uchrashuv, konferensiyalar o‘tkazish an’anaga aylangan.

O‘tgan yil O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri bilan bir necha nufuzli oliy ta’lim muassasasi rektori Dushanbe shahriga tashrif buyurdi. Ikki kun davom etgan muloqot asnosida hamkorlik istiqbolining turli jihatlari mufassal muhokama qilindi. Yaqin kunlarda shunday uchrashuv Toshkent shahrida o‘tkazilishi nazarda tutilgan. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari munosabati ko‘lami kengaymoqda. Joriy yil boshida Dushanbe shahridagi 15 umumta’lim muassasasi direktorlari Toshkent shahriga kelib, tajriba almashib qaytdi.

San’at sohasidagi aloqalar ham tobora rivojlanmoqda. Gastrollar tashkil etish an’anasi tiklandi. Tojikistonning qator teatrlari artistlari Buxoro, Samarqand, Qo‘qon, Farg‘ona shaharlarida bo‘lib, ijod namunalarini o‘zbek tomoshabinlariga taqdim etdi. Ayni vaqt O‘zbekiston teatr ijodkorlari Tojikistonga tashrif buyurdi. Bu tadbirlar xalqlarimiz –o‘zbek va tojik teatr muxlislari bir-birlariga mushtoq bo‘lib qolganini namoyish etdi. Toshkent shahrida taniqli xonanda Daler Nazarov hamda  Xurshed Ibrohimzoda konserti san’at shaydolari tomonidan qizg‘in qabul qilindi.

Tojikiston Rassomlar ittifoqi raisi N.Homidova rahbarligida mo‘yqalam ustalarimiz asarlari Toshkent va Samarqand shaharlarida tomoshabinlar hukmiga havola etildi. Endi Dushanbe o‘zbek rassomlariga muntazir.

Bastakorlarimiz hamkorligi ham zamonga mos rivojlanmoqda. Tojik bastakorlari asarlari Toshkent konservatoriyasida, o‘zbek bastakorlari asarlari esa Tojikistonning san’at sohasidagi ta’lim muassasalarida ijro etilmoqda. O‘zbekistonning taniqli bastakorlar Mustafo Bafoyev, Habibullo Rahimov va boshqalar shu yo‘nalishda ijod qilib, yuksak natijaga erishgan.

“Alisher Navoiy” baleti (musiqasi muallifi Mustafo Bafoyev)da tojik va o‘zbek xalqlari do‘stligi kuy orqali go‘zal talqin qilingan. M.Bafoyev Dushanbedagi S.Ayniy nomli opera va balet teatri uchun “Ibn Sino” asariga musiqa yozib berdi.

Aynan shu ruhdagi hamkorlik viloyatlararo madaniy aloqada ham ifodasini topgan. So‘g‘d viloyati san’atkorlari Farg‘onada, Mustaqillik va Navro‘z shodiyonalarida qatnashdi, Tursunzoda, Hisor, Shahrinav tumanlaridagi tantanalarga qo‘shni Surxondaryodan kelgan san’atkorlar shukuh bag‘ishladi. Tojikistonning Xatloni va O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati madaniyat va san’at vakillari xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtasini  mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shmoqda.

Mamnuniyat bilan qayd etish joiz, tojik tilida ijod qiluvchi 6 nafar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Tojikiston Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilindi. Chust tumanida Sotib Ulug‘zoda, Toshkent shahrida Mirzo Tursunzoda hamda Jonibek Quvnoq, Boysun tumanida Sattor Tursun yubileylari uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Dushanbe shahrida atoqli o‘zbek shoiri Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan turli tadbirlar tashkil etildi. Bu uchrashuvlar, do‘stlar muloqoti, aminmizki, mavjud adabiy aloqalarni yanada mustahkamlaydi. Adabiy do‘stlik esa xalqlar do‘stligiga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, so‘nggi olti yil mobaynida tojik va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi birodarlik ko‘lami yangi bosqichga chiqdi. Eng asosiysi, bu aloqalar Markaziy Osiyodagi barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shoqahhor Salimov suhbatlashdi.

O‘zA