O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab Eron Islom Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda yengilmas kurashchimiz Muhsin Hisomiddinov bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Nufuzli musobaqa -90 va +90 kilogramm vaznlarda o‘tkazilib, mamlakatimiz sharafini Rizamat Soliyev bosh murabbiyligidagi 4 nafar sportchimiz himoya qildi.
50 ming tomoshabinga mo‘ljallangan “Zeinal-Khan Traditional Wrestling Arena” sport majmuasidagi bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, mutlaq vaznning final bahsida o‘zbekistonlik Muhsin Hisomiddinov va Asror Hamidov kurash olib bordi. Mazkur bellashuvda yengilmas kurashchimiz Muhsin Hisomiddinov g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Asror Hamidov esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. -90 kilogrammda gilamga chiqqan terma jamoamiz a’zosi Alixon Nodirov ham o‘z vaznida g‘oliblikka erishdi.
Eslatib o‘tamiz, xalqaro turnirning mukofot jamg‘armasi 10 ming AQSH dollari bo‘lib, g‘oliblar 3 ming, kumush medal sohiblari ming, bronza medaliga sazovor bo‘lgan polvonlar 500 AQSH dollariga ega chiqdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA