Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorov 2025 yilgi Davlat byudjeti loyihasi haqida ma’lumot berar ekan, 2025 yilgi soliq siyosatida asosiy turdagi soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilayotganini qayd etdi.

Xususan, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz, aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy stavkasi 4 foiz, qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq 1,5 foiz miqdorida saqlanib qolinmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun foydalaniladigan suv bo‘yicha suv solig‘i stavkasi 1 kub metr uchun 100 so‘m miqdorida saqlab qolinmoqda.

2025 yil 1 yanvardan filtrli sigaretlarga aksiz solig‘ining 10 foizlik advalor qismini bekor qilish va ichki bozor uchun stavkani 19,7 foizga — 300 ming so‘mgacha (amalda — 250,7 ming so‘m), import qilinadigan sigaretlar uchun — 330 ming so‘mgacha oshirish taklif etilmoqda (amalda — 325 ming so‘m).

2025 yil 1 iyuldan boshlab esa import qilingan va mahalliy sigaret uchun aksiz solig‘i stavkalarini birxillashtirib, ming donasi uchun 340 ming so‘m miqdorida belgilash taklif etilmoqda.

1 yanvardan boshlab boshqa tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘ini oshirish taklif qilinmoqda: tarkibida nikotin bo‘lgan suyuqliklar (veyplar) uchun qariyb 3 baravar — 1 ml uchun 2000 so‘mgacha (hozir 670 so‘m), sigaralar uchun — donasiga 20 ming so‘mgacha (hozir 6400 so‘m), qizdiriladigan tamaki uchun — kilogrammiga 450 ming so‘mgacha (hozir 382 ming so‘m), chekiladigan, o‘rama va chilim uchun tamaki mahsulotlariga — 1 kg uchun 600 ming so‘mgacha (hozir 382 ming so‘m).

1 yanvardan boshlab mahalliy alkogolli mahsulotlar (aroq, konyak va boshqalar) uchun aksiz solig‘i stavkasi 10 foizga indeksatsiya qilinib, 1 litr spirt uchun 44 ming so‘mni (amalda 40 ming so‘m) tashkil etadi. Import qilinadigan tovarlar uchun esa 25 foizga — 101,5 ming so‘mdan 76 ming so‘mgacha kamaytiriladi.

M.Komilova,

O‘zA