Turkmanistondagi Anau shahrining 2024-yil “Turkiy dunyo madaniy poytaxti” deb e’lon qilinishi va Mahtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida Ashxobod shahrida “Turkman zamini – qadimiy sivilizatsiyalar markazi” media-forumi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli anjumanda Buyuk Britaniya, Vengriya, Moldova, Gruziya, Iroq, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Makedoniya, Rossiya, Turkiya kabi davlatlar ommaviy axborot vositalari, yetakchi axborot agentliklari, teleradiokompaniyalar, kino assotsiatsiyalari, internet nashrlari, gazeta va jurnallar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda Turkiy tillar madaniyati xalqaro tashkiloti – TURKSOY, Yevropa radioeshittirishlar ittifoqi (EBU), Islom hamkorlik tashkiloti Radio va televideniye ittifoqi, IHT axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) mas’ullari, Kanada va Turkiya universiteti professorlari ham qatnashdi.

Konferensiyani Turkmaniston Bosh vazirining madaniyat va ommaviy axborot vositalari bo‘yicha o‘rinbosari Mehrijemal Mammedova kirish so‘zi bilan ochib, mazkur forum ramziy ma’noga egaligi, chunki ulug‘ turkman shoirining she’rlari do‘stlik, birodarlik va tinchlikka da’vat etishini urg‘uladi. Shuningdek, u Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning yaqinda nashr etilgan “Anau – ming yilliklar qa’ridan madaniyat” kitobi xususida va BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi 63-yalpi majlisida Turkmaniston tashabbusi bilan “2025-yil – Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganini faxr bilan e’tirof etdi.

Turkiy tillar madaniyati xalqaro tashkiloti Bosh kotibi Sulton Rayev aytishicha, turkiy xalqlar azaldan mustaqil davlatchilik va adolatli dunyoga intilib kelgan va bu qadriyatlar ularning madaniy merosida ifodasini topgan. U turkiy xalqlar madaniy merosini asrab-avaylash TURKSOY tashkilotining vazifasi ekanini ta’kidladi.

– Turk dunyosi jahon hamjamiyatining ajralmas qismidir. Alisher Navoiy, Mahtumquli Firog‘iy, Yunus Emro falsafasi doimo barhayot, – dedi TURKSOY Bosh kotibi. – Mahtumquli she’riyatida ajdodlar hamjihatlik va birlikka da’vat qilingan, shoir o‘quvchiga butun turkiy dunyoning bor insonparvarlik g‘oyalarini yetkaza olgan.

Forum davomida mehmonlarga Turkmanistonning tarixi va betakror merosi haqida hikoya qiluvchi videorolik namoyish etildi. “Turkiy madaniyat birligining ommaviy axborot vositalaridagi o‘rni”, “Maxtumquli Firog‘iy – aql o‘chog‘i”, “Raqamli media va yangiliklar”, “Film, animatsiya va kinofestivallar” mavzularidagi sessiyalar qizg‘in muhakamaga boy kechdi.

Turkmaniston haqli ravishda qadimiy arxeologik madaniyatlar markazi, jumladan Anau, Jeytun, Marg‘iyona singari qadimiy hududlar san’ati, hunarmandligi va me’morchiligi yuksak namunalarini taqdim etgan makon sanaladi. Bu tarixiy maskanlarda nafaqat turkiyzabon mamlakatlar, balki dunyo davlatlariga ham ta’sir ko‘rsatgan ilg‘or sivilizatsiyalar vujudga kelgan. Ular madaniyatlar yuksalishiga hissa qo‘shgan, umuminsoniy ma’naviy qadriyatlar shakllanishiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, YUNESKO Bosh konferensiyasining 2023-yil 21-noyabr kuni Parij shahridagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan 42-sessiyasida buyuk turkman shoiri Mahtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Forumda so‘zga chiqqanlar Turkmanistonning mamlakat madaniyatini jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi harakatini yuqori baholadilar. Monrealdagi Kanada Oliy biznes maktabi Xalqaro munosabatlar va hamkorlik fakulteti professori Javod Mottagiy fikricha, Anau shahri turkiy dunyoning madaniy poytaxti sifaida e’lon qilinishi Turkmaniston madaniy diplomatiyasining haqiqiy yutug‘idir.

Rossiyaning “TASS” axborot agentligi Bosh direktori birinchi o‘rinbosari Mixail Gusman Gurbanguli Berdimuhamedov bilan bo‘lgan suhbatni tez-tez eslab turishi, mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha qanday muhim strategik vazifalar qo‘yilgani, ayni payt Prezident Serdar Berdimuhamedov bu strategiyani ishonchli tarzda, mas’uliyat bilan amalga oshirayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.

Delegatlar fikricha, bugungi globallashuv davrida OAV jahon siyosiy jarayonining muhim atributiga, xalqaro miqyosda mamlakatlar, xalqlar taraqqiyotiga faol ta’sir ko‘rsatuvchi etnik madaniy hamkorlikning ajralmas subyektiga aylanib bormoqda. Bu borada media tuzilmalarining yaqin hamkorligini mustahkamlash, jurnalistlarning jamiyat oldidagi mas’uliyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro mediaforum yakunida ishtirokchilar ushbu mehmondo‘st mamlakat – Turkmanistonda bo‘lish ular uchun quvonchli ekani, bunday madaniy tadbirlar esa mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

O‘tkir ALIMOV, O‘zA