Prezident Jo Bayden lavozimiga kirishgandan so‘ng AQSHda oziq-ovqat narxi sezilarli darajada oshdi, deb xabar bergan “Fox Business” nashri.

Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotiga ko‘ra, inflyatsiya tufayli ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari narxi uch yil oldingiga nisbatan 21 foizdan ko‘proq oshgan.

Shu davrda sariyog‘ narxi 27 foiz oshdi. 2021-yil yanvar oyida sariyog‘ning bir funti o‘rtacha 3,64 dollar edi, 2024-yil fevraldan boshlab 4,63 dollarga yetdi.

Suyaksiz tovuq go‘shti 26, oq non 30 foiz, shakar 68 sentdan 98 sentgacha ko‘tarilgani qayd etilgan.

Bunga bir necha sabab ko‘rsatilmoqda: ta’minot zanjiri uzilishi, qoramol soni kamayishi, qush grippi avj olishi va global don taqchilligi.

Do‘kon, ombor va qayta ishlash korxonalarida oziq-ovqat xizmati xodimlari ish haqi oshdi, ko‘plab korxonalar bu xarajatni iste’molchi zimmasiga yukladi.

Fevral oyidagi iste’mol narxi indeksi ma’lumoti shuni ko‘rsatdiki, uy-joy va benzin o‘tgan oy inflyatsiyaning asosiy omili bo‘lgan.

Ijara xarajati har oy 0,4, o‘tgan yilga nisbatan 5,8, fevral oyida benzin narxi 3,8 foiz oshdi.

Umuman, hisobotda qayd etilishicha, inflyatsiya eng yuqori cho‘qqi – 9,1 foizdan sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa-da, Federal zaxiraning 2 foizlik ko‘rsatkichi (yanvarda 3,1)dan yuqoriligicha qolmoqda.

Ish yaratuvchilar tarmog‘i prezidenti va bosh direktori Alfredo Ortiz Bayden ma’muriyati siyosatini o‘ylamasdan sarflash va inflyatsiyani o‘stirishda aybladi.

Uning fikricha, inflyatsiya maoshdan tez oshib, turmush darajasi pasaymoqda. Demak, Federal zaxira foiz stavkasini pasaytirishni kechiktirishi mumkin. Bu kichik biznes uchun qarz olishni ancha qiyinlashtiradi. Bayden davrida narx ko‘tarilishi barcha amerikaliklar his qilayotgan yashash narxi oshishini kuchaytirmoqda. Inflyatsiya muammosining yagona yechimi davlat xarajatini zudlik bilan sezilarli darajada kamaytirishdir.

G.Sattorova,  

O‘zA