SOR29 anjumaniga mezbonlik qilish huquqi Ozarbayjonga berilishi ushbu O‘zbekistonga qardosh mamlakat tashabbuslarining xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlanishi tasdig‘idir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy Konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasi (SOR29) barcha a’zo mamlakatlar yakdil fikri bilan 2024-yil Ozarbayjonda o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror chiqarilishi ushbu mamlakatga xalqaro miqyosdagi ulkan ishonchning yana bir namunasidir.

Shu munosabat bilan Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati Sulton Mammadov mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

– Ekologiya muammolari global miqyosda keng muhokama qilinishi, atrof-muhit bilan bog‘liq masalalar eng dolzarb mavzulardan biriga aylanishi sharoitida, jumladan, Ozarbayjon ham dunyoda ekologik muvozanat saqlanishi uchun tizimli va samarali sa’y-harakatlar olib bormoqda. 30-yildan keyin ozod qilingan hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirlar, xususan “aqlli qishloq”, “aqlli shahar” loyihalari, Qorabog‘ va Sharqiy Zangazur mintaqalarini “yashil energiya” zonasiga aylantirish strategiyasi ayni fikrimizni yaqqol isbotlaydi.

Ozarbayjon qayta tiklanadigan energiya manbalariga alohida ahamiyat qaratmoqda. 2030-yil oxirigacha turli xil qayta tiklanadigan energiya mahsulotlari yaratilishi yo‘lga qo‘yilishi asosiy maqsad etib belgilangan. Buning uchun quyosh, shamol va suv elektr stansiyalari quriladi.

Yashil energiya ishlab chiqarilishi va dunyo bozoriga olib chiqilishi mamlakat energetika siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani haqida Prezident Ilhom Aliyev qayta-qayta ta’kidlaydi.

Ozarbayjon hozirgi kunda qayta tiklanadigan energiya manbalariga yo‘naltirilgan investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushiga ko‘ra yetakchi mamlakatlar qatoridan joy olgan. Bu Jahon iqtisodiy forumi hisobotida shunday e’tirof etilgan:

– Hamma faktlar ishonch bilan aytishga imkon beradiki, Ozarbayjonda ekologiya muhiti sog‘lomlashtirilishi, energiya ishlab chiqarishda yangi va atrof-muhitga salbiy ta’sir qilmaydigan metodologiya yanada keng targ‘ib qilinishi asosiy yo‘nalishlar sifatida muhim o‘rin egallagan.

“Toza atrof-muhit va yashil o‘sish mamlakati” 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga doir 5 milliy yo‘nalishdan biri sifatida belgilab qo‘yilganini ta’kidlash joiz. Ozarbayjon ayni maqsad yo‘lida aniq va o‘ylab bosiladigan qadamlar qo‘yajak.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy Konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasi – SOR29 Ozarbayjonda o‘tkazilishi haqidagi qaror SOP28 anjumani doirasida, 2023-yil 11-dekabr kuni o‘tkazilgan yalpi majlisida qabul qilindi. Sharqiy Yevropa davlatlari tomonidan ilgari surilgan mazkur taklifdan so‘ng Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ishg‘oldan ozod qilingan yerlarni “Yashil energiya” zonasi sifatida e’lon qildi. Ushbu hududlarni 2050-yilgacha “Netto nol emissiya” (sof nol emissiyasi) darajasiga chiqarish nazarda tutilgan.

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, Bokuda o‘tkaziladigan mazkur nufuzli tadbir faqat ekologiya masalalari ko‘tariladigan konferensiya emas, balki mavjud kamchiliklar bartaraf etilishi uchun birgalikda samarali qadamlar qo‘yiladigan global forumdir. Dolzarb muammolarni ko‘tarish va davomli ravishda hal qilish yo‘llarini topish bo‘yicha boshqa mamlakatlar bilan ishlash uchun Ozarbayjonda ulkan imkoniyat, salohiyat mavjud. Demak, SOR29 mamlakatda iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatini kamaytirish, yashil tajriba tashviqotiga yo‘naltirilgan global tashabbuslar ko‘lamini kengaytirish imkonini yaratadi.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA