Global ekologik fond Markaziy Osiyoda ekologiya tizimini tiklash uchun 20 million dollarga yaqin mablag‘ ajratadi. Bu haqda tuzilma bosh direktori Karlos Manuel Rodriges “Silk way” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Jamg‘arma rahbari Qozog‘istonga Markaziy Osiyo missiyasi tarkibida ekologik muammo va biologiya xilma-xilligini saqlash masalasini muhokama qilish uchun kelgan. Tashkilot Qozog‘istonda BMT Taraqqiyot Dasturi bilan birga, xususan, Qozog‘istonda qor qoploni ko‘payishini saqlab qolishga qaratilgan “Asosiy global ahamiyatga ega ekotizimni saqlash va barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirmoqda.
Rodriges GEF va Qozog‘istonning qo‘shma sa’y-harakati Qizil kitobga kiritilgan hayvonlar sonini ko‘payishi tendensiyasini belgilab berganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo bilan qo‘shma ekologik loyihalarning 85 foizdan ko‘pi muvaffaqiyatli, deb topilgan.
– Qor qoploni ekotizim holati haqida muayyan tasavvur bera oladigan tur hisoblanadi, – deya qo‘shimcha qilgan mutaxassis. – Agar hududda qor qoploni bo‘lsa, demak ekotizim to‘g‘ri ishlayapti. So‘nggi 15 yil ichida GEF qor qoploni saqlanadigan hududni, deyarli, 1 million gektarga yetkazish imkonini yaratdi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich. Boshqacha aytganda, ayni holat GEF Qozog‘istonda qor qoploni populyatsiyasini saqlashga salmoqli sarmoya kiritayotgani bilan bog‘liq.