Mamlakatimiz sportchilari ishtirok etadigan kompleks sport musobaqalari soni yana bittaga ko‘paydi. Bu, joriy yilning 21 fevral – 3 mart kunlari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida tarixda ilk bor tashkil etiladigan “Kelajak o‘yinlari” xalqaro kompleks musobaqasidir.
100 dan ortiq mamlakatdan 2 mingga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilayotgan mazkur sport tadbirida O‘zbekiston sport delegatsiyasi ham ishtirok etishga hozirlanmoqda. Bu haqda Sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda yangi sport yo‘nalishlari, xususan kibersport o‘yinlarida kompleks musobaqalar tizimi yaratilmoqda.
Tashkiliy qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ularning har biri “fijital”, ya’ni jismoniy va raqamli tushunchani ifodalaydi. O‘yinlar jismoniy harakat va kibersportni birlashtiradi. G‘olib sportchilar jamoasi har ikki dasturdagi natijalarning yig‘indisi holatida aniqlanadi.
Jismoniy va raqamli musobaqalarni birlashtirgan yangi formatdagi mazkur multikompleks o‘yinlar dunyo sportida o‘zgacha ko‘rinishga, ruhiyatga ega musobaqalar ob-havosini olib kelmoqda.
Tatariston poytaxtida kechadigan “Kelajak o‘yinlari” bahslari 21 ta innovatsion yo‘nalish bo‘yicha tashkil etiladi. Ulardan 16 tasi asosiy va 5 tasi kengaytirilgan dasturni qamrab oladi.
Ta’kidlash joiz, ushbu xalqaro musobaqada sportchilarimiz virtual velosport, sport dasturlashi, fijital-xokkey va fijital-poyga kabi yo‘nalishlarda Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
O‘yinlar dasturiga binoan musobaqada ishtirok etadigan fijital-xokkeychilarimiz 14 fevral kuni Qozon shahriga yetib boradi. Delegatsiyaning asosiy qismi esa 20 fevral sanasida Tataristonga tashrif buyuradi.
“Kelajak o‘yinlari”ning tantanali ochilish marosimi 21 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA