Shimoliy Koreya hukumati janub bilan murosaga erishish umidini ifodalovchi yodgorlik – “Qayta birlashish” arkasini buzib tashladi. Yodgorlikni buzish qarori Kim Chen Inning uni “ko‘z og‘rig‘i” deb e’lon qilgan nutqidan ko‘p o‘tmay qabul qilindi. Bu haqda “Asia Times” nashri xabar bermoqda.
U o‘z nutqida 1945 yil avgustidan beri bo‘linib qolgan ikki Koreyani tinch yo‘l bilan birlashtirishning endi imkoni yo‘qligini aytdi va Shimoliy Koreya Konstitutsiyasiga Janubiy Koreyani “asosiy dushman” maqomini aks ettiruvchi o‘zgartirish kiritishga chaqirdi.
2001 yilda ochilgan “Qayta birlashish” arkasida Janubiy Koreyada “hanbok”, Shimoliy Koreyada esa “choson-ot” deb nomlangan an’anaviy liboslarni kiygan ikki koreys ayol tasvirlangan. Ayollar birgalikda Koreya yarim orolining tasvirini ko‘tarib turgani aks etgan. Bu timsol Shimoliy Koreya hukumatining o‘sha paytlarda ikki davlatni birlashtirishga bo‘lgan haqiqiy istagini aks ettirar edi.
Shimoliy Koreya qo‘shni davlat bilan muloqot va birlashish umidi timsollarini birinchi marta yo‘q qilayotgani yo‘q. 2020 yil iyun oyida Keson shahri yaqinida joylashgan Janubiy Koreya bilan qo‘shma aloqa idorasini ham buzdirib tashlagan edi.
2021 yil avgust oyida Kim AQSH va Janubiy Koreyaning birgalikda o‘tkazgan harbiy mashg‘ulotlariga norozilik sifatida Koreyalararo ishonch telefonini – Shimoliy va Janubiy Koreyani bog‘laydigan telefon liniyasini uzib tashladi. Oradan ko‘p o‘tmay ishonch telefonlari qayta tiklandi va Kim Seulni munosabatlarni yaxshilash uchun sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.
Siyosiy tahlilchilar fikricha, “Qayta birlashish” arkasi yo‘q qilinganiga qaramay, uning tasviri rasmiy pochta markalarida abadiy saqlanib qoladi.
O‘.Alimov, O‘zA