Angliyada yo‘lovchi poyezdi o‘z yo‘nalishini yo‘qotib, adashib qoldi.
Shu yilning 25 may kuni Buyuk Britaniyada Nyukasl – Reding yo‘nalishi bo‘yicha barcha temir yo‘l reyslari qoldirildi. Sababi, Nyukasldan Redingga borishi lozim bo‘lgan poyezd adashib Yorkshir grafligiga borib qolgan.
“The Mirror”ning xabar berishicha, mashinist bilmasdan yo‘nalishni o‘zgartirib yuborgan. Mashinistning aybi bilan yuzlab yo‘lovchilar manziliga yetib bora olmagan. Bu vaqt ichida yo‘lovchilar internet tarmoqlarida voqea haqida ma’lumotlar berishgan.
“Poyezdlar ham adashib qoladi deb o‘ylamagan edim”, deb yozadi yo‘lovchi ayol ijtimoiy tarmoqda. Yo‘lovchilardan yana biri esa Angliyaning shimolidagi g‘arbiy Yorkshir hududida joylashgan Pontefrakt shahriga kelib qolganini yozgan.
Angliyaning Cross Country Trains temir yo‘l xizmati bir soat ichida bu xatolikni aniqlagan va poyezdni to‘g‘ri yo‘nalishga qaytargan.
Umida Qurbonova