Yaqinda Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdog‘an Ukrainadagi vaziyat sababli bir qator mamlakatlar qurollanish poygasiga kirishdi, holbuki ular bir vaqtlar qurollanish poygasi mamlakat byudjeti uchun ortiqcha yuk deb hisoblardi, degan fikrni bildirdi.
Ayniqsa, “Rossiya-Ukraina urushidan keyin xavfsizlik tushunchalarida tub o‘zgarishlar yuz berdi. 5-10 yil avval mudofaa byudjeti uchun ortiqcha yuk deb hisoblagan davlatlar qurollanish poygasiga kirishdi. Turkiya ana shunday davlatlardan biri.
“Mudofaa strategiyasiga sarmoya kiritish juda erta boshlangan. Mamlakatimiz erishgan muvaffaqiyatlarning hech biri tasodif emas”, dedi Erdog‘an Anqarada Milliy razvedka tashkiloti (MIT) tashkil etilganining 97 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida.
Darhaqiqat, dunyoda yuzaga kelgan geosiyosiy vaziyat qurollanishga va harbiy texnikalarga bo‘lgan talabni keskin oshirib yubordi. Natijada dunyodagi taniqli mudofaa kompaniyalari rekord darajada buyurtmalar ro‘yxatini shakllantirmoqda. “Financial Times” gazetasining yozishicha, dunyo bo‘yicha mudofaa buyurtmalari 10 foizga ortib, 15 foizlik rekord ko‘rsatkichga yaqinlashmoqda. Misol uchun, yirik mudofaa kompaniyalar 2023 yilning birinchi yarmida 764 milliard dollarlik buyurtmalar bo‘yicha umumiy zaxiraga ega bo‘lgan.
Dunyodagi eng yirik mudofaa kompaniyalarining buyurtmalar kitobi so‘nggi ikki yil ichida geosiyosiy keskinlik, jumladan, Ukrainadagi mojarolar fonida 10 foizdan ortiq o‘sganidan so‘ng rekord darajaga yaqinlashdi, deb yozadi “Financial Times” 15 ta yirik qurol ishlab chiqaruvchilari tahliliga tayanib. Gazetaning yozishicha, 2022 yil yakuniga ko‘ra, ularning umumiy buyurtmalari 777,6 milliard dollarga yetgan. Shu bilan birga, joriy yilning birinchi olti oyida ushbu pudratchilarning umumiy buyurtmalari 764 milliard dollarni tashkil etdi.
Nashrning qayd etishicha, hukumatlar hali ham buyurtma berishda davom etmoqda, binobarin, ish hajmi ham shunga yarasha ortib bormoqda.
Nashr tahlil qilgan korxonalar ro‘yxatiga Amerikaning “Lockheed Martin”, “General Dynamics” va “Boeing”, Buyuk Britaniyaning “BAE systems”, Germaniyaning “Rheinmetall” va Janubiy Koreyaning “Hanwha Aerospace” kompaniyalari kiritilgan. Tahlillarga ko‘ra, mazkur kompaniyalar ichida “Hanwha Aerospace” kompaniyasi yangi buyurtmalarning eng katta o‘sishini qayd etgan, ya’ni, buyurtmalar ikki yil ichida yetti baravardan ko‘proq o‘sgan. Nashr ekspertlarining ta’kidlashicha, Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchilarida 2020 yildagi 2,4 milliard dollardan 2022 yil oxirida 15,2 milliard dollargacha o‘sish kuzatilgan.
Janubiy Koreyadagi ushbu eng yirik qurol ishlab chiqaruvchi korxonasi K-9 o‘ziyurar tank-zambaragini ham ishlab chiqaradi. Nashrning qayd etishicha, kompaniya Ukraina, xususan, Polsha bilan bog‘liq buyurtmalardan katta foyda ko‘rgan.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (Sipri) ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya 2022 yilda qurol sotish bo‘yicha to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Xolbuki, asrimiz boshida Janubiy Koreya bu borada 31 o‘rinda edi.
Nemis tank ishlab chiqaruvchisi Germaniyaning “Rheinmetall” kompaniyasi esa Ukrainada jangovar harakatlar boshlanganidan keyin “benefisiar” kompaniyaga aylandi deyish mumkin, deb yozadi nashr. Kompaniyaning bajarilmagan buyurtmalari hajmi deyarli ikki baravar ko‘paygan. 2020 yilda hali bajarilmagan buyurtmalari 14,8 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yil oxirida ushbu ko‘rsatkich 27,9 milliard dollargacha o‘sgan. 2023 yilning olti oyida kompaniya 32,5 milliard dollarlik buyurtmalarni bajara olmadi.
“Financial Times” yozishicha, Buyuk Britaniyaning “BAE systems” kompaniyasi buyurtmalari hajmi 2022 yilda 61,8 milliard dollar edi, hozir u 70,8 milliard dollargacha oshgan. Bunga suv osti kemalari, fregatlar va qiruvchi samolyotlar kabi mavjud dasturlarga yangi buyurtmalar sabab bo‘lgan.
Gazetaning yozishicha, qurol-yarog‘ga bo‘lgan doimiy talab investorlarning ushbu sohaga qiziqishini oshirmoqda. Natijada MSCI Global sanoat aksiyalari indeksi so‘nggi 12 oy ichida 25 foizga o‘sgan. Yevropaning “Stoxx” aerokosmik va mudofaa sanoati aksiyalari indeksi xuddi shu davrda ikki baravardan ko‘proq oshdi.
“Sipri” ma’lumotlariga ko‘ra, jami global harbiy xarajatlar 2022 yilda real ko‘rinishda 3,7 foizga oshib, 2,240 milliard dollarni tashkil qildi. Yevropada harbiy xarajatlar 30 yil ichidagi eng jadal sur’atda o‘sgan. Bunga tabiiyki, mintaqa hukumatlari Ukrainaga ko‘rsatilgan yordam tufayli bo‘shab qolgan milliy zaxiralarni to‘ldirish uchun o‘q-dorilar va tanklarga yangi buyurtmalar e’lon qilgani sabab bo‘ldi.
Shu bilan birga, “Sipri”ning 100 ta eng yirik kompaniyalar bo‘yicha tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, 2022 yilda qurol-yarog‘ va harbiy xizmatlarni sotishdan tushgan daromad 597 milliard dollarni tashkil etgan, bu esa talab keskin oshganiga qaramay, real ko‘rsatkichlarda 2021 yilga nisbatan 3,5 foizga kamdir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yildan 2022 yilgacha dunyoda eng ko‘p qurol sotib olgan mamlakat Hindiston hisoblanadi. Dunyodagi jami qurol importining 11 foizi ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelgan. Hindiston import qilgan qurollarining 45 foizga yaqinini Rossiya yetkazib bergan. Yirik qurol xaridorlari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda 9,6 foizlik ulush bilan Saudiya Arabistoni bormoqda, uchinchi o‘rin esa Qatar davlatiga tegishli, dunyo bo‘yicha jami importning 6,4 foizi ushbu Forz qurfazi mamlakati hissasiga to‘g‘ri kelgan. Avstraliya (4,7foiz) va Xitoy (4,6foiz) esa kuchli beshlikdan joy olgan.
Yana bir tahlil kompaniyasi – “Agency Partners” eksperti Nik Kanningemning aytishicha, siyosat va byudjetlarni ishlab chiqish va buyurtma berish muddati shunchalik uzoqki, natijada Ukrainadagi mojaroning ta’siri endigina buyurtmalarda namoyon bo‘lib, daromadda hali aks etmayapti. Tahlilchining ta’kidlashicha, buyurtmalarga nisbatan yetkazib berishning orqada qolishi bir muncha vaqt davom etishi mumkin.
Internet materiallari asosida Saidmurod Rahimov tayyorladi, O‘zA