24 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan dastlab “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni senatorlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi qabul qilinib, mazkur strategiya doirasida muhim va dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadlar belgilangan.

Muhokama davomida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan vakillik organlariga saylovning aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizimini joriy qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada referendum va saylov bilan bog‘liq o‘zgarishlar nazarda tutilganligi, shu sababli amaldagi saylov to‘g‘risidagi hamda referendum to‘g‘risidagi qonunchilikni unga muvofiqlashtirish zarurati ham mavjudligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan Konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra Qonunchilik palatasi saylovi aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Unda Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (partiyalar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi nazarda tutilgan.

Yana bir muhim masala – siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining o‘ttiz foizidan qirq foiziga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shu bilan bir qatorda saylov komissiyalarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarishlar ma’qullandi. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda saylanishi, Markaziy saylov komissiyasining Raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylanishi mumkin emasligi qat’iy belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan mazkur Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi parlament hamda mahalliy vakillik organlarining faoliyatida siyosiy partiyalarning rolini yanada kengaytirishga, Qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining huquqiy asoslari yaratilishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng, yalpi majlisda “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligini isloh qilish, sohani rivojlantirishning huquqiy asosini mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, yer yuzidagi bugungi ekologik omillarning keskin o‘zgarishi yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligi va sifatini oshirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va iste’mol ratsionini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish, saqlash va asrab-avaylashni talab etmoqda.

Shu bois ushbu qonun bilan yer fondining barcha toifalaridagi tuproqning unumdor va tuproq hosil qiluvchi qatlamlari tuproqni muhofaza qilish ob’ekti etib belgilanmoqda.

Qonunda tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning va yer uchastkalari ijarachilarining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.

Qonunda tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash, shuningdek, mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari, yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproq holati va sifatiga ta’sir qiluvchi loyihalar, vositalar va texnologiyalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish masalalari o‘z aksini topmoqda.

Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tuproqqa yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini talab qilish huquqi belgilanmoqda.

Shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chog‘ida tuproqning unumdor qatlami sidirib olinmaganligi va saqlanmaganligi fakti aniqlangan taqdirda, yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi mustahkamlanmoqda.

Senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida sug‘oriladigan tuproqlar unumdorligining pasayish jarayonlariga barham berilishi hamda tuproq unumdorligini tiklash hisobiga mahsulot yetishtirish hajmining ortishi va toza tuproqda sifatli hamda xavfsiz mahsulot yetishtirish imkoniyati kengayishini ta’kidladilar.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun sohadagi xalqaro tajribadan hamda Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlar va yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unda xususiylashtirishning barcha bosqichlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun darajasida belgilanmoqda.

Qonun bilan xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish, baholashdan o‘tkazish, boshlang‘ich narxni belgilash, maslahatchilarni jalb etish, savdolarni o‘tkazish jarayonlari tartibga solinmoqda.

Shuningdek, xususiylashtirishning qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini ta’minlash hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, amaldagi qonunda aks etmagan elektron-onlayn auksion va birja, shuningdek, muzokaralarga ommaviy taklif qilish, raqobatga asoslangan muloqot asosida sotish, korxonani va ko‘chmas mulk ob’ektini boshqa jamiyatning ustav fondiga kiritish, korxonalarni keyinchalik sotish sharti bilan ijaraga berish kabi xususiylashtirishning yangi turlari kiritilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda xususiylashtirish sohasida Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining vakolatlari aniq belgilanmoqda.

Qonun bilan xususiylashtirish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan me’yorlar kiritilib, unga ko‘ra xususiylashtirish to‘g‘risidagi yig‘ma hisobotlar va har bir davlat aktivi savdo jarayonlari bosqichlari to‘g‘risida ma’lumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, uning hududiy boshqarmalari, savdo tashkilotchisi va vositachining veb-saytlarida, respublika va mahalliy darajadagi ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat aktivlarini sotishda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati, to‘lovlarni amalga oshirish tartibi va shartlari qonun darajasida belgilanmoqda hamda mulkni balansda saqlovchining javobgarligi kuchaytirilmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi davlat aktivlarini zamonaviy uslublar asosida xususiylashtirishning jadallashishini, ochiq va shaffof bo‘lishini, barcha xaridorlar uchun teng raqobat muhiti yaratilishini ta’minlaydi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mobil qurilmalar hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarga zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib shaxslardan pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari kuzatilmoqda.

Shuningdek, maxsus dasturlar yordamida shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini soxtalashtirish holatlari ham uchramoqda.

Shu bois Jinoyat kodeksidagi (165-modda) tovlamachilik tushunchasiga o‘zgartirish kiritilib, sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, xorijdan olib kelinayotgan yoki bloklangan uyali aloqa qurilmalariga ma’lum bir haq evaziga o‘zgalarning IMEI kodlarini ko‘chirib berish holatlari ko‘payib bormoqda.

Hozirda birgina IMEI kodida 5 011 ta, yana boshqa bir IMEI kodida esa 2 347 ta SIM karta bir vaqtda faol holatdaligi aniqlangan.

Qonunchilikda bunday harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan biron-bir huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash belgilanmagan.

Shu sababli qonunchilikdagi mazkur bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik hamda mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun tegishli javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlar ushbu jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni fosh etishda yordam bergan hollarda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi senatorlar tomonidan qayd etildi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, ularga qarshi kurashish hamda tergov qilishda barcha kuch va vositalarni to‘liq yo‘naltirishga, shuningdek, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik doirasini aniq norma bilan belgilash imkonini beradi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Bundan tashqari, Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Mamlakatimizda joriy yil katta siyosiy voqelik – umumxalq referendumi o‘tkazilib, uning yakunlariga ko‘ra, xalqimiz xohish-irodasi bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Yalpi majlisda muhokama qilingan qonun ham yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan qoidalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq Konstitutsiyaviy sud vakolatlari kengaytirilib, O‘zbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berishi belgilanmoqda.

Konstitutsiyaviy sud faqatgina o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanishi mustahkamlanmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi hamda ularning bir xilda amalda bo‘lishiga erishiladi.

Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq yettinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi 

Oliy Majlisi Senatining 

Axborot xizmati