AQSH bir guruh kongressmenlari Qimmatli qog‘oz va birja masalalari komissiyasiga, tadbirkor Ilon Mask ustidan tergov boshlashni so‘rab, murojaat qildi. Milliarder firibgarlikka yo‘l qo‘yganlikda gumon qilinmoqda, deb yozdi “Wired” nashri.

Qonun chiqaruvchilar murojaatiga ko‘ra, Mask miyaga chip o‘rnatish bo‘yicha tajriba o‘tkazilgan maymunlar taqdiri haqida “Neuralink” kompaniyasi investorlarini to‘liq xabardor qilmagan, ya’ni ularni “chalg‘itgan”. U sentyabr oyida o‘zining “X” ijtimoiy tarmog‘i orqali 2018-2020 yillar ichida o‘tkazilgan sinov ob’ekti – 12 ta maymunga tegishli “yolg‘on bayonot” e’lon qilgan. Hujjatda hayvonlarning “dahshatli o‘limi tafsiloti” keltirilmagan. Binobarin, maymunlarga miya implanti jarrohlik yo‘li bilan o‘rnatilgan edi.

“Janob Mask o‘z bayonoti yolg‘on ekanini bilgan”, – deyishyapti kongressmenlar. “Neuralink” startapi 2016 yil iyulda Mask tomonidan yaratilgan bo‘lib, kelajakda inson miyasiga o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan chip ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Biznesmen ta’kidlashicha, bunday neyrointerfeys insonni sun’iy intellektga qarshi tura oladigan “kiborg”ga aylantiradi. Qolaversa, miyasiga chip o‘rnatilgan odam o‘y-fikr kuchi yordamida kompyuterni to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqara oladi.