Ertaga, 22 noyabr kuni poytaxtimizdagi “Alpomish” sport saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha jahon professionallar seriyasi xalqaro turnirining final bellashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli musobaqa oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, qit’aviy kurash konfederatsiyalari, 20 dan ziyod davlatlardan kelgan milliy kurash federatsiyalari mutasaddilari yil davomida qit’aviy chempionatlar so‘ngida tashkil etilgan “World Series Pro“ turnirlari kurashning xalqaro rivojida muhim omil bo‘lganini e’tirof etdi.
Aytish lozim, “World Series Pro“ turnirlarining qit’aviy bosqichlarida erkaklar 66, 81, 90 kilogramm va ayollar 57, 70 kilogramm mutlaq vazn toifalarida bellashdi. Musobaqa nizomiga ko‘ra, har bir qit’aviy bosqichda 1- va 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar musobaqaning final bosqichi bo‘lgan ”World Series Masters“ turnirida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi taqvim rejasiga asosan aprel oyida Xitoyning Xanchjou shahrida Osiyo qit’asi, iyul oyida Misrning Qohira shahrida Afrika qit’asi, avgustda Dominikan Respublikasining Santo-Domingo shahrida Pan-Amerika qit’asi va oktyabr oyida Gretsiyaning Saloniki shahrida Yevropa qit’asi saralash bosqichlari muvaffaqiyatli o‘tdi.
Jurnalistlarning savollariga javob berish jarayonida mutasaddilar “Alpomish” sport majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha jahon professionallar seriyasi xalqaro turnirining final bellashuvlarida 27 davlatdan 56 nafar sportchi 7 ta (3 ta ayol va 4 ta erkak) vazn toifasida g‘oliblik uchun gilamga chiqishini bildirdi.
Ta’kidlanganidek, musobaqa nizomiga binoan final bellashuvlarida g‘oliblikka erishgan sportchiga 10 ming, 2-o‘rin sohibiga 5 ming hamda 3-o‘rinni qo‘lga kiritadigan kurashchiga 1 000 AQSH dollari taqdim etiladi.
Anjuman davomida davlatimiz rahbarining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash orqali milliy qadriyatlarimizni ulug‘lashga qaratilgan mazkur xalqaro musobaqa kelgusida ham tizimli tarzda tashkil etiladi.
Darhaqiqat, “halol”, “to‘xta”, “chala”, “yonbosh”, “gilam”, “tanbeh” kabi o‘zbekona so‘zlarning xalqaro sport maydonlarida jaranglashi odat tusiga kirayotgani Yangi O‘zbekistonning yangi muvaffaqiyati sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “World Series Pro“ va ”World Series Masters“ turnirlarining yo‘lga qo‘yilgani esa yurtimizda milliy qadriyatlarni xalqaro maydonda ommalashtirish, kurashni Olimpiya o‘yinlariga kiritish borasidagi harakatlarga yangi kuch bag‘ishlashi bilan ahamiyatlidir.
“Alpomish”da kechadigan shiddatli bellashuvlar, jozibali usullar, polvonlarning o‘ziga xos chiqishlari milliy qadriyatlarimizning nodir durdonasini yana bir karra dunyoga ko‘z-ko‘z etishi bilan qadrlidir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.