Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida kurash bo‘yicha “Prokuror kubogi” tumanlararo musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Unda To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo tumanlaridan 100 nafardan ziyod 14-30 yosh oralig‘idagi o‘g‘il va qiz bolalar hamda faxriy sportchilar 7 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun bellashdi.
Ta’kidlanganidek, 2-sektor rahbarlari tomonidan uyushmagan yoshlar bilan ishlash, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash, ularni sportga, sog‘lom turmush tarziga qiziqtirish borasida turli mavzularda tadbirlar tashkil etilmoqda.
Keskin va murosasiz kechgan bahslarda musobaqa g‘olib va sovrindorlariga tegishli darajadagi medal, diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shu kuni 2-sektor hududiga qarashli bo‘lgan mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlaridagi prokuror otalig‘iga olingan yoshlarning Urganch shahridagi muzey hamda teatrga sayohati ham uyushtirildi.
Tadbir so‘nggida taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi va gulxan atrofida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yoshlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri