Amerikaning Konstitutsion huquq va inson huquqi markazi – “Center for Constitutional Rights” dushanba kuni falastinliklar nomidan Falastin – Isroil ziddiyati asnosida Isroilga yordam bergani uchun AQSH Prezidenti Jo Bayden, davlat kotibi Entoni Blinken va Pentagon rahbari Lloyd Ostin ustidan sudga yozma murojaat qildi. Arizada “javobgarlar” G‘azo sektorida zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlangan.
– AQSH Isroilga qurol yetkazib berish va ushbu mamlakatni diplomatik himoya qilish yo‘li bilan anklavda zo‘ravonlik kuchayishiga bevosita ko‘maklashmoqda, – deyilgan markaz saytida e’lon qilingan xabarda. – AQSH ushbu harakati bilan genotsid jinoyatining oldini olish va shunday qilmishga jazo belgilash to‘g‘risidagi Konvensiyaning 1-bandi shartini buzmoqda. Bayden, Blinken va Ostin ustidan sudga ariza topshirildi. Ular Isroilga ta’siri bo‘la turib, genotsidning oldini olmadi.