Shu kunlarda Qozog‘istonning Turkiston shahrida II Turkiy davlatlar universiada o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda.

O‘tgan yili Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining ishtirokchi davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuviga muvofiq o‘tkazilayotgan mazkur universiada o‘yinlarida mamlakatimizning 70 nafardan ziyod sportchilari 6 ta sport turi bo‘yicha  vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.

Kecha o‘yinlarning tantanali ochilish marosimi hamda bir qator sport turlaridagi dastlabki bellashuvlar tashkil etildi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lgan davlat sport jamoalari qatanshayotgan II Turkiy davlatlar universiada o‘yinlarining ilk kungi musobaqalarida voleybol bo‘yicha erkaklar jamoalari o‘rtasidagi bahslarda hamyurtlarimiz Qirg‘iziston jamoasini, shaxmatchilarimiz qozog‘istonlik raqiblarini mag‘lubiyatga uchratdi.

Bugun, 7 noyabr kuni musobaqada ishtirok etayotgan davlatlar delegatsiya rahbarlarining yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mazkur o‘yinlarda bevosita ishtirok etayotgan O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Erkin Qodirovning telefon orqali bildirishicha, yig‘ilish kun tartibida talabalarning sport faoliyati bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan. O‘yinlar geografiyasini kengaytirish, sport turlari qamrovi, uning texnik tomonlarini yanada takomillashtirish borasida fikr-mulohazalar bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, II Turkiy davlatlar universiada o‘yinlarida sportchilar voleybol, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi, dzyudo, stol tennisi bahslarida qatnashmoqda.

Musobaqalar10 noyabrga qadar davom etadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA