Turkiyaning ikki ming yillik tarixga ega shaharchasi – mamlakat janubidagi Qaysarida istiqomat qilayotgan fuqaroning uyi ostidan noyob topilma chiqdi. Mazkur tarixiy ob’ektni turistlar e’tiboriga taqdim etish rejalashtirilmoqda, deb xabar tarqatdi “TRT Haber” telekanali.
– Qaysarida yashovchi Mustafo Holiji o‘g‘li besh yil oldin uyini ta’mirlay boshlagan edi, – deyiladi tarqatilgan xabarda. – Uy tubidan 2 ming yillik tarixga ega yer osti shaharchasi namunasi topildi.
Professor Osmon O‘zsoya ta’kidlashicha, inshoot ostida kamida ikkita bir-biridan alohida qatlam bor, binolarga choh orqali o‘tish mumkin.
– Xususiy mulk bo‘lgani uchun topilmaning ayrim joylari yopiq, – deydi tadqiqotchi. – Ochiq joyga qarab beho berilsa, yer osti shahrining uzunligi kamida 150-200 metr. Aholi bu joylarni tark etgandan keyin, inshoot omborxona, somonxona vazifasini o‘tagan. Keyinroq yuzada uy qurilgan.
Holiji o‘g‘li ta’kidlashicha, uyi ostida yer osti shaharchasi borligi xayoliga ham kelmagan.
– Bu yerga chiroqsiz kirishga qo‘rqar edik, – so‘zini davom ettiradi sohib. – Joyni loy va tuproqdan tozalaganimizdan keyin yer osti shaharchasi borligi ma’lum bo‘ldi. Yagona maqsadimiz – artefaktni kelgusi avlod uchun qoldirish. Ob’ektga sayyohlar kelishini xohlaymiz. Xullas, uyimizning tarixi juda qiziq, jiddiy tadqiqotga muhtoj.