Bugungi kunda globallashgan dunyoda iste’mol va moddiy tovarlarni eng ko‘p ishlab chiqaruvchi Xitoy bo‘lsa, ushbu mahsulotlarning asosiy iste’molchisi Yevropa mamlakatlaridir. Xitoyning Osiyo va Yevropa bilan savdo aylanmasi miqdori yil sayin ortmoqda. Boz ustiga Xitoy diplomatiyani faollashtirib, global liderlik uchun AQSH bilan bellashish darajasiga yetdi.
“Bir makon, bir yo‘l” Xitoy Xalq Respublikasining eng global iqtisodiy loyihasi bo‘lib, 2013 yilhukumat tomonidan 150 ga yaqin davlat idorasi va xalqaro tashkilotga sarmoya kiritish uchun qabul qilingan global infratuzilmani rivojlantirish strategiyasidir. Uшбу tashabbus 2013 yil 7 sentyabr kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi Si Szinpin tomonidan Qozog‘istonga tashrif chog‘ida ilgari surildi va “Ipak yo‘li iqtisodiy makoni” deb e’lon qilindi.
“Makon” – “Ipak yo‘li iqtisodiy makoni”ning qisqartmasi bo‘lib, G‘arbiy mintaqalarning mashhur tarixiy savdo yo‘llari bo‘ylab dengizga chiqmaydigan Markaziy Osiyo orqali avtomobil va temir yo‘l orqali tashish uchun tavsiya etilgan quruqlik yo‘nalishlarini nazarda tutadi. “Yo‘l” esa “XXI asr dengiz ipak yo‘li”ning qisqartmasi bo‘lib, Janubi-sharqiy Osiyo orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaga olib boradigan Hind – Tinch okeani dengiz yo‘lini nazarda tutadi. 2023 yil sentyabr holatiga ko‘ra “Bir makon, bir yo‘l” 154 a’zo bilan BMTga a’zo 193 davlatning 80 foizini birlashtirgan.
Tashabbus 2018 yil Xitoy Konstitutsiyasiga muhrlandi. Si Szinpin ma’muriyati tashabbusni “mintaqaviy aloqani kuchaytirish va porloq kelajakka intilish” deb atadi. Loyiha 2049 yil yakunlanishi maqsad qilingan bo‘lib, XXR tashkil topganining 100 yilligini munosib kutib olishga mo‘ljallangan.
Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining 149 ishtirokchi davlatdagi savdo oqimi 4,1 foiz oshishi global savdo xarajatini 1,1-2,2 foiz qisqartirishi, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi rivojlanayotgan mamlakatlar yalpi ichki mahsuloti miqdorini 2,6-3,9 foizgacha yuksaltirishi mumkin.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan samimiy qabul qilinishining sababi shundaki, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi global boshqaruv tizimi islohotini takomillashtirish bo‘yicha doimiy ravishda yangi g‘oya va yechim taklif etish, loyihalarda faol ishtirok etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik uchun samarali platforma yaratdi.
So‘nggi 10 yil ichida “Bir makon, bir yo‘l”ni birgalikda shakllantirish yo‘lidagi hatti-harakatlar loyiha doirasini kengaytirmoqda. Tashabbus doirasida tashkil etiladigan transport yo‘lagi Avstraliya va Indoneziyani, Osiyo mamlakatlarini Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasi orqali AQSH bilan bog‘laydi. Hisob-kitobga qaraganda, Yangi Ipak yo‘li sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pini, to‘g‘rirog‘i 4,4 milliard kishi istiqomat qiladigan mamlakatlarni qamrab oladi.
Yangi Ipak yo‘lining quruqlikdagi qismida uchta temir yo‘l tizimi barpo etiladi. Shimoliy yo‘lak Rossiya hududidan o‘tadi. Markaziy va janubiy yo‘lak esa Markaziy va O‘rta Osiyo mamlakatlari orqali yotqizilishi rejalashtirilgan. Keyinchalik temir yo‘l yo‘lagiga avtomobil yo‘llari ham qo‘shiladi. Yangi Ipak yo‘lining Markaziy Osiyodan o‘tadigan asosiy yo‘nalishi uzunligi 6 500 kilometrni tashkil qilib, to‘rt ming kilometri Xitoyning Tinch okeani sohilidan Shinjon-Uyg‘ur muxtor o‘lkasigacha cho‘ziladi. Keyin Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston orqali Eron, Iroq, Suriya va Turkiyaga boradi. U yog‘i Yevropaga bir qadam.
Dengiz yo‘li xuddi qadimgi savdo yo‘li singari Guanjoudan boshlanadi va Vetnam, Tailand, Malayziya, Singapur, Indoneziya orqali Qizil dengizga chiqib, Afrikaga yetadi. Yangi transport yo‘lagi Xitoydan ortilgan yukni qisqa muddatda Yevropaga yetkazish maqsadini ko‘zlagan.
“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga o‘n yil to‘ldi. Shu munosabat bilan, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin taklifiga binoan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Pekin shahrida bo‘ldi.
Tashrif doirasida 17-18 oktyabr kunlari davlatimiz rahbari XXR raisi Si Szinpin va Xalq siyosiy maslahat kengashi raisi Van Xunin bilan muzokara, qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Forumning ochilishida ishtirok etib, yalpi sessiyada nutq so‘zladi.
Davlatlar rahbarlari strategik sheriklik munosabatini yanada mustahkamlash masalasini muhokama qildi. Prezidentimiz “Makon va yo‘l” tashabbusi qisqa tarixiy davr ichida umumiy taraqqiyot va ravnaqqa erishish yo‘lidagi hamkorlik uchun muhim, inklyuziv va ochiq platformaga aylanganini ta’kidladi. Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish tajribasini o‘rganish va joriy etish borasida samarali tajriba almashish, amaliy hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston yetakchisining Toshkentda Sinxua va Pekin universitetlari filialini ochish taklifi mamlakatimizda ta’lim sifatini xalqaro standart asosida tashkil qilishga qaratilgan sa’y-harakatning amaliy natijasidir.
Shuningdek, uchrashuvda “Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiya o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.
Терроризм, ekstremizm, separatizmga qarshi birgalikda kurashish mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, ushbu illatlarning “Makon va yo‘l” tashabbuskor davlatlarida tarqalishining oldini olishga qaratilgan pozitsiya hisoblanadi. Tabiiyki, ko‘tarilgan masalalar va takliflar amaliy sa’y-harakatni talab etadi. Shu bois tomonlar tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib oldi.
Umuman, “Makon va yo‘l” loyihasida O‘zbekistonning ishtiroki mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirish, xalqimiz turmush sharoitini yaxshilash, farovonlikni ta’minlash borasida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Tashabbus O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan va doimiy ravishda e’tibor qaratib kelinayotgan o‘zaro bog‘liqlik konsepsiyasini amalga oshirish, Markaziy Osiyoda yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, yangi tashabbuslar ilgari surish uchun samarali xalqaro maydon bo‘lib qoladi.
Eng muhimi, “Bir makon, bir yo‘l” zamonaviy xalqaro muloqotning yangi imkoniyatlarini yuzaga chiqaradigan zamonaviy platforma bo‘lib, loyiha doirasida o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan takliflar ikki va ko‘p tomonlama manfaatli tashqi siyosatni amalga oshirish, ayniqsa, iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish, yangi hamkorlar topish, mamlakatimizga yirik investorlarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Go‘zal Sa’diyeva,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri