Azaliy qardosh o‘zbek va qozoq xalqlarining o‘tmishi hamda buguni, orzu-niyatlari, intilishlari mushtarak. Bu nafaqat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi, balki mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalarni hal etishdagi sa’y-harakatlarni birlashtirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi raisi Yerlan Koshanov uchrashuvida ta’kidlandi.
Prezidentlarimizning o‘zaro ishonch va mustahkam siyosiy irodasi tufayli strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan munosabatlar yuksak darajaga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorligiga e’tibor qaratilib, so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshgani, birgina joriy yilning yanvar – avgust oylarida savdo aylanmasi 2,8 milliard dollarga yetgani aytib o‘tildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchi korxonalari o‘rtasida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani, savdo hajmini 10 milliard dollarga oshirish uchun barcha asoslar mavjud ekanligiga e’tibor qaratildi.
Parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish va uni amaliy mazmun bilan boyitish bo‘yicha fikr almashildi. Xususan, Parlamentlararo hamkorlik kengashi ishini faollashtirish ikki tomonlama kelishuvlarning amalda bajarilishini ta’minlashiga ishonch bildirildi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik Markaziy Osiyo taraqqiyotining drayveri ekani, parlamentlararo tuzilmalar doirasida ish olib borilishi mintaqamizdagi qo‘shnilarning ham hamjihatligiga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Parlamentlararo hamkorlik Kengashi, shuningdek, Qozog‘iston parlamenti Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlament guruhi doirasidagi aloqalarni faollashtirish, qonun ijodkorligi yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashish, yosh parlament a’zolari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida davlatlarimiz o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, ularni hal etish uchun qonunchilikda zarur mexanizm yaratishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA