Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Katta Dubulg‘a” turkumidagi nufuzli turnirda mamlakatimiz sportchilari munosib natijalarga erishmoqda. Turnirda dunyoning 77 davlatidan 450 nafar dzyudochi ishtirok etmoqda.
Kecha xalqaro turnirning 73 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Shahram Ahadov final bahsida Yevropa chempioni, “Katta Dubulg‘a” turniri g‘olibi kosovalik Akil Gjakova bilan kurash olib bordi va murosasiz bellashuvda g‘oliblikni tantana qildi.
Bugun, 26 oktyabr kuni “Parij-2024” Olimpiadasiga reyting ochkolarni taqdim etadigan mazkur musobaqada dzyudochi yigitlar, 90, 100 va +100 kilogrammda, qizlar 78 va +78 kilogramm vaznda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Ushbu bellashuvlarda mamlakatimiz terma jamoasi a’zolaridan Otabek To‘raboyev 100 kiloda, Shohruxxon Baxtiyorov va O‘tkirbek To‘raboyev +100 kilogrammda, qizlardan Irsxon Qurbonboyeva 78 kilo og‘irlikda hamda Rinata Ilmatova +78 kilogrammda kurashlarni o‘tkazadi.
Ortda qolgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, ishtirokchi davlatlardan Kanada terma jamoasi 2 ta oltin, 1 ta kumush medal bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, 2 ta oltin medalga ega Italiya terma jamoasi keyingi o‘rinda bormoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 tadan oltin va kumush medal bilan kuchli uchlikka yakun yasagan. Shuningdek, 1 tadan oltin medal jamg‘argan Fransiya va Gruziya terma jamoalari keyingi qatorlarni band etib turibdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA